Tirik hujayralardan robot yaratildi  

  • 16:52 / 12.02.2020
  • 1212

Sun’iy aqlning rivojlanishi va yangi robotlashgan tizimlarning yaratilishi hayotimizga jadal kirib kelmoqda. Rivojlanayotgan tibbiyotning istiqbolini robotlashtirilgan texnikasiz tasavvur qilish mumkin emas. Chunki, hali hozirdanoq ayrim murakkab amaliyotlar robotlar orqali bajarilmoqda. Robotlashgan protezlar esa nogironlarga to‘laqonli hayot kechirishlariga ko‘maklashmoqda.  Tibbiyotdan tashqari, koinotni o‘rganishda, ishlab chiqarishda, kundalik hayotda ularning ishtiroki odatiy holga aylanib qolgan. Dastlab robotlar mikrosxema va temirlardan yasalgan bo‘lsa, endi tirik hujayralarga asoslangan holda qurishga kirishildi.  

Olimlar maxsus algoritmlar yordamida tirik hujayralardan robot yasashdi  

“Tirik” robotlar
Sciencealert.com portali olimlar dunyoda ilk bor to‘laligicha tirik hujayralardan tashkil topgan robot yaratilganligi haqida xabar tarqatdi. Ksenobot deb ataluvchi bu g‘aroyibot 500 dan 1000 gacha hujayralarga ega bo‘lgan mitti zoldr. Olimlarning tasdiqlashicha, ksenobotlar shu paytgacha ma’lum bo‘lgan bironta organizm yoki organga o‘xshamaydi. Bu tirik mashinalarning dori-darmon yetkazib berishdan boshlab atrof-muhitni qayta tiklashgacha bo‘lgan juda ko‘p qulayliklari mavjud. Ksenobotlarni an’anaviy robotlarga ham, mavjud tirik organizmlarga ham o‘xshamasligi sababidan hozircha aniq klassifikatsiyalab bo‘lmaydi.  Ular uchun “Tirik, dasturlangan organizm” nomli yangi guruh yaratish lozim, deyishmoqda mutaxassislar.  

“Tirik” robotni yaratishda qurbaqaning yuragi va terisidan olingan yuzlab hujayralardan foydalanilgan

Olimlar bu g‘aroyib tajribani amalga oshirish uchun qurbaqaning yuragi va terisidan olingan hujayralarni yig‘ishda superkompyuter va maxsus algoritmlardan foydalanishdi. Robot yaratish uchun kombinatsiyalar juda ko‘p edi. Olimlar ular orasidan eng afzalini tanlab olishdi va xuddi konstruktorlar singari “tirik robot”ni qurishdi. Bog‘lovchi to‘qima vazifasini bajarish uchun qo‘llanilgan teri va yurak hujayralari ksenorobotning muhim jihati – harakatlanishini ta’minlaydi. Ular hujayralaridagi lipid va oqsillar tufayli suvli muhitda qo‘shimcha oziqlantiruvchi moddalarsiz 1 hafta mobaynida bemalol yura olishadi. 


Nima deb o‘ylaysiz, tirik robotlar vaqti kelganda odamzotga sayyoramizni qutqarishga yordam bera olarmikin?  

“Tirik” robotlar boshqa robotlarga qaraganda afzalroq 
Ksenorobot oziq moddalari tugagach, bir uyum o‘lik hujayraga aylanadi va chirib ketish xususiyati bilan ham metall yoki plastik robotlardan ustun turadi. Darhaqiqat, muhim afzalliklari ko‘p. Biroq, olimlarning xavotiri ksenorobotlarning asab tizimi bilan bog‘liq. Chunki, ularning bioqurolga aylanish xavfi ham mavjud.  Shunday bo‘lsa-da, olimlar ulardan radioaktiv ifloslanishni bartaraf etish, inson uchun xavfli bo‘lgan kimyoviy birikmalar bilan ishlash, okeanlardan mikroplastiklarni yig‘ib olish kabi muhim vazifalarni bajarishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Yana bir jihati ksenorobotlar inson arteriyasi ichida yurib, ayrim kasalliklarni davolashga yordam bera oladi.   

Teglar