To‘g‘on o‘pirilganda Qozog‘istonga suv yetib bormasligi aytilganligi rost – Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari

  • 22:00 / 16.05.2020
  • 424

To‘g‘on o‘pirilganda Qozog‘istonga suv yetib bormasligi aytilgan. Bu haqda bugun, 16-may kuni Xalqaro press-klubning Sirdaryo viloyatidagi sessiyasida ma’lum qilindi.

“Sardoba” toshqini oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tashkil etilgan mazkur sessiyada ishtirok etgan Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonovga ko‘ra, toshqinning dastlabki soatlarida uning ko‘lamini baholash imkoni bo‘lmagan. Shuningdek, suvning qo‘shni davlat hududiga yetib borishi ham taxmin qilinmagan. 

– Bu dastlabki ma’lumot bo‘lgan, albatta. Har qanday ofat boshlanishida uning ko‘lamini aniqlash benihoyat qiyin narsa. Birinchidan, suv bosgandan keyin ushbu yerga borishning o‘ziga imkoniyatingiz bo‘lmaydi yoki atroflicha o‘rganish imkoniyati bo‘lmaydi yoki o‘sha sharoitda to‘la baholash imkoniyati bo‘lmaydi. 

Dastlabki baholashlarda suv omboridan katta miqdorda suv chiqib ketishini hech kim kutmagan edi. Shunga asoslanib (Qozog‘istonga) haqiqatdan ham bu suv omborida tezroq suv yopiladi va suv xavfsiz yo‘naltiriladi, deb aytilgan.

Lekin, afsuski, hech qanday texnogen avariyani oldindan bashorat qilish qiyin. Buning talafotini, buning ko‘lamini zudlik bilan ayta olish juda qiyin. Birinchi on, birinchi lahzalarida, ular (Qozog‘iston) tomonidan so‘rov bo‘lganida, haqiqatan ham shunaqa javob bo‘lgan. Barcha choralar ko‘rilyapti Sizlarga suv yetib bormasligi uchun yoki talafot yetkazmaslik uchun, degan xabarlar bo‘lgan, - deydi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonov.