Tolibon Ramazon oyida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifni rad etdi

  • 10:54 / 25.04.2020
  • 520

24-aprel kuni Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani Tolibonga muqaddas Ramazon oyi davomida tinchlik sulhi tuzishni taklif qildi.

Tolibon ushbu chaqiriqni rad etib, sulhni “oqilona emas”, deya baholadi.

“Islom amirligi AQSh bilan bitimni imzolash bilan keng qamrovli (tinchlik) qaror qabul qildi va uni Xavfsizlik Kengashi va Xalqaro hamjamiyat tasdiqladi. Agar u to‘liq amalga oshirilsa, bu bizni tinchlik va sulhga olib keladi", deb yozdi Tolibonning siyosiy idorasi vakili Suhail Shahin o‘zining Twitter’dagi sahifasida. 

“O‘t ochishni to‘xtatish haqida so‘rash mantiqiy va ishonarli emas”, deya qo‘shimcha qilgan Shahin.

Shuningdek, tinchlik jarayoni bilan bog‘liq kelishmovchiliklar va mahbuslar almashinuvining kechikishi janglarni davom ettirish uchun sabab bo‘lganiga ishora qilib, Tolibon vakili Afg‘oniston hukumatini pandemiya avj olgan paytda mahbuslar hayotini xavf ostiga qo‘yishda ayblagan.
 
Afg‘onistonda hozirga qadar koronavirus bilan bog‘liq 1300 dan ortiq holat aniqlangan, ammo sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ularning soni ko‘proq bo‘lishi mumkin. Chunki mamlakatda sinov o‘tkazish imkoni cheklangan.