Tolibonlar afg‘on hukumati bilan muzokaraga tayyor. Faqat bir shart bilan

  • 16:22 / 15.06.2020
  • 636

Afg‘oniston hukumati va Tolibon guruhi Qatar poytaxti Dohada tinchlik muzokaralari borasida birinchi uchrashuvni o‘tkazish bo‘yicha kelishib olishdi. Uchrashuv sanasi ma’lum qilinmagan, ammo Afg‘oniston hukumati tomonidan Tolibonlarning 5 ming nafar asirini ozod qilish bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal qilgandan so‘ng bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqida Tolibon guruhi vakili Suhayl Shahin yakshanba kuni Reyter axborot agentligiga ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurolli guruh mahbuslar ozod etilganidan keyin bir hafta ichida hukumat bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyor.

Afg‘oniston hukumati fevral oyida AQSh va Tolibon qurolli guruhi o‘rtasida imzolangan bitimga ko‘ra, shu kungacha Tolibonning 3000 asirini ozod qildi. AQSh – Tolibon kelishuvida barcha xorijiy kuchlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketish va mintaqada 19 yildan beri davom etayotgan urushni to‘xtatish masalasi muhokama qilingan edi.