Toshkent arxitektura-qurilish instituti o‘quv xonasining shifti ko‘chib tushdi. Aytilishicha, binoning “yoshi” 70 da ekan

  • 19:50 / 24.01.2020
  • 54

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent arxitektura-qurilish institutidagi darsxonalardan birining shifti ko‘chib tushgani va odamlarning norozi kayfiyatdagi ovozi saqlangan video tasvir tarqaldi. Mazkur voqea yuzasidan Qurilish vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi. 

Aniqlanishicha, videoda aks etgan o‘quv xonasida 2019-yilning oktabr oyidan beri dars mashg‘ulotlari olib borilmaydi. Mazkur bino O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4565-sonli qaroriga asosan kapital ta’mirlash manzilli dasturiga kiritilgan. Ushbu binodagi o‘quv jarayonlarini Yunusobod tumanidagi Mashinasozlik kasb-hunar kolleji binosida davom ettirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Paxtakor ko‘chasi 3-uyda joylashgan ushbu bino 1950-yil qurilgan. Kapital ta’mirga muhtoj mazkur binoning 3-qavatidagi 310–auditoriya shifti osilib qolganligi sababli 2019-yilning oktyabr oyidayoq yopib qo‘yilgan. 2020-yil 24-yanvar kuni kunduzi esa yer silkinishi oqibatida xona shiftining 5 kv.metri ko‘chib tushgan.

“Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda ishchi guruhi tuzildi, voqea joyiga borilib, vaziyatni o‘rgangan holda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi Vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Xabardor.uz