Toshkent shahar mahalliy byudjetiga tushadigan yig‘im va jarimalar belgilab berildi

  • 17:59 / 18.03.2020
  • 121

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 


Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Toshkent shahar hokimligining “Raqamli Toshkent” kompleks dasturini amalga oshirish bo‘yicha taklifiga rozilik berildi.

Dasturga muvofiq, joriy yilning 1-aprelidan boshlab quyidagi yig‘imlar va jarimalar Toshkent shahar mahalliy byudjetiga o‘tkaziladi:


Toshkent shahrida tashqi reklama obyektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) huquqi uchun oylik yig‘im, tashqi reklama obyektlari uchun reklama joylari pasportlarini berishdan tushadigan mablag‘lar hamda tashqi reklama obyektlarini qurish huquqi uchun elektron auksion yakunlari bo‘yicha to‘langan mablag‘lar (auksion savdolarini o‘tkazganlik uchun savdo tashkilotchisiga to‘lanadigan mablag‘ chegirib qolingan holda);

Toshkent shahrida tashkil etilgan yo‘l chetida pullik vaqtincha avtomobil to‘xtab turish joylarida to‘xtab turish qoidalarini buzilganligi uchun jarimalar to‘liq miqdorda; 


Shuningdek, Toshkent shahrida maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya texnika vositalari qayd etgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalarning 80 foizi, qolgan 20 foizi esa – Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga.

Manba: O‘zA