Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universiteti tashkil etiladi

  • 19:30 / 01.06.2020
  • 116

Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universiteti tashkil etiladi.
Bu borada Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida “Yaponiya raqamli universiteti”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
 
Hujjat loyihasida belgilanishicha, –

Universitet Yaponiyaning “Digital knowledge” aksiyadorlik jamiyati muassisligidagi alohida mulk va mustaqil balansga ega bo‘lgan yuridik shaxs maqomidagi ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lmagan nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi;

Universitet kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda asosiy bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash ishlarini amalga oshiradi;

Universitetda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda Universitet va O‘zDJTU tomonidan ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha yapon va ingliz tillarida kunduzgi va masofaviy ta’lim shakllarida amalga oshiriladi;

talabalikka qabul qilish va Universitet bitiruvchilarining attestatsiyasi Universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

“Ikki tomonlama diplom” (double degree) dasturlari asosida o‘qishlarini muvaffaqiyatli tamomlagan Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan “Kompyuter lingvistikasi” yo‘nalishida davlat namunasidagi diplomi hamda Yaponiya va O‘zbekistonda tan olinadigan Yaponiyaning Otemaye universiteti, Tokio onlayn universiteti va boshqa universitetlaridan birining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan namunadagi diplomlari beriladi;

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya qonunchiligiga rioya qilgan holda xorijiy mamlakatlarda ish o‘rinlari taklif etadi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida tashkil etilayotgan Yaponiya raqamli universiteti 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab muhandis-dasturchi va biznes boshqaruvi yo‘nalishlariga talabalarni qabul qilishni boshlaydi. Qaror loyihasida belgilanishicha, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Vasiylik kengashi qaroriga asosan mazkur ro‘yxatga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin