Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Germaniya bilan hamkorlikda o‘quv laboratoriyasi ochildi

  • 17:35 / 11.09.2019
  • 38

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Truchler training” o‘quv laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda “Truchler” firmasining savdo bo‘yicha direktori Markus Vurster, firma menejeri Vilfrid Gotmanns, hamda bosh xodimi Vitaliy Shuls, Rossiya Federativ Respublikasining Ivanova davlat politexnika universiteti rektori E.V.Rumyansev va boshqalar ishtirok etdi.

Marosimni institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Xolida Komilova ochib berdi. Shundan so‘ng, Germaniya vakillari institut jamoasini bugungi katta tantana bilan samimiy muborakbod etdi.

Tadbirni tashkil etishdan maqsad, avvalo, O‘zbekiston va Germaniya davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, “Truchler” firmasining yangi jihozlari orqali o‘quv laboratoriyada izlanuvchi talabalar bilimlarini yanada oshirib, nazariya va amaliyot uyg‘unligini bir vaqtda olib borish imkoniyatiga ega bo‘lishdir. 

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida mazkur firma bilan chet el investitsiyalarini jalb qilish maqsadida joriy yilning 12 fevral kuni hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Bugun u o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.  

“Truchler” kompaniyasining bugungi hamkorlikda ochilgan o‘quv laboratoriya jihozlariga jami 123 803 yevro miqdoridagi sarmoya ajratildi. Natijada institut o‘quv laboratoriyasiga TS 15 tarash va TD 10 piltalash mashinalari taqdim etildi.