Turizm sohasi vakillari uchun yil so‘ngiga qadar daromad solig‘i stavkalari kamaytirildi

  • 15:32 / 03.06.2020
  • 199

Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari zarar ko‘rdi. Xususan, sayyohlik sohasiga katta zarar yetdi: havo aloqalari to‘xtatildi, chegaralar yopildi, shaharlar o‘rtasida harakatlanish cheklandi. Ayni paytda hukumat turoperatorlarni, sayyohlik agentliklarini va turar joylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.

Joriy yil 28-may kuni “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu hujjatga muvofiq 2020-yil 1-iyundan 31-dekabrgacha turizm sohasidagi tadbirkorlarga daromad solig‘i stavkalari kamaytiriladi. Ushbu holatda davlat yordami 15,2 milliard so‘mni tashkil etadi. Ya’ni mehmonxona egalari, shuningdek, turoperator va sayyohlik agentliklari soliq stavkasini 50 foizga pasaytirish natijasida hosil bo‘lgan mablag‘ni o‘z ixtiyorida qoldiradi.