Universal jang sport turi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda

  • 23:24 / 08.10.2019
  • 194

2019-yil 8-oktabr kuni universal jang sport turi bo‘yicha “Sport – gender tenglik tarafdori” shiori ostida O‘zbekiston kubogi musobaqalariga start berildi. Poytaxtimizdagi Universal sport saroyida o‘tkazilayotgan bellashuvlarda 14 yoshdan 18 yoshgacha va undan katta bo‘lgan sportchilar ishtirok etmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda mazkur musobaqalar tashkilotchilari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganlaridek, ushbu sport turi qisqa vaqt mobaynida ko‘pchilikning sevimli mashg‘ulotiga aylandi. Boisi universal jang barchaga, yoshidan qat’iy nazar, erkak va ayollarga o‘z qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, jismonan chiniqish va demakki, salomatligini mustahkamlash imkoniyatini beradi. Qolaversa, sportning ushbu turi insonda matonat, chidamlilik, maqsadga intilish, iroda kuchi, chaqqonlik kabi eng yaxshi xislatlarni tarbiyalaydi. Shu sababli yil sayin uning muxlislari safi kengaymoqda. Musobaqa qoidalariga kelsak, universal jang sportning kompleks turi bo‘lib, to‘siqlarni yengib o‘tish, nishonga qarata pichoq uloqtirish, o‘q otish va qo‘l jangidan iborat. Bunda yosh ishtirokchilar tennis koptogini nishonga tekkazishda bellashishlari mumkin.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganlaridek, ushbu sport turi bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilarning natijalari tahsinga loyiq. Jumladan, yurtimiz terma jamoasi dunyodagi kuchli uchlikdan doimiy joy olishi xayrli an’anaga aylangan. Universal jang bo‘yicha to‘rt karra jahon chempioni Alisher Abdullayev, ikki karra jahon chempioni Jamol Omonov, jahon chempioni Baxtiyor Axmedov, jahon chempionati sovrindori Nodira Kazakova kabi sportchilarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Keyingi yillarda ular safi jasoratli qizlarimiz hisobiga kengayayotgani quvonarli holdir. Bu o‘z navbatida yurtimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan katta e’tibor, ularning haq-huquqlari va manfaatlari himoyasi kuchaytirilayotganidan dalolat beradi. Mazkur musobaqalar ham buning yana bir misoli bo‘lganligi tantanali ochilish marosimida alohida qayd etib o‘tildi.

Tadbir doirasida universal jang sport turi bo‘yicha 2018-yilda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan sportchilarni taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
Universal jang sport turi bo‘yicha “Sport – gender tenglik tarafdori” shiori ostida O‘zbekiston kubogi musobaqalari joriy yilning 11-oktabriga qadar davom etadi.


Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati