Uy-joy sotib olishda ipoteka kreditining boshlang‘ich badali davlat byudjetidan qoplab beriladi

  • 20:25 / 25.03.2020
  • 572

Bugun, 25-mart kuni Vazirlar Mahkamasining “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining rasmiy telegram kanali xabar berdi.

Qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq:

birinchi, uy-joy sotib olishga ipoteka kreditining boshlang‘ich badal va (yoki) foizlarning bir qismi Respublika Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;

ikkinchi, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun ariza beriladi, ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholanadi;

uchinchi, tuman (shahar)da uy-joy sotib olish uchun subsidiya to‘lanadigan talabgorlarni tanlash bo‘yicha komissiyalar faoliyati tashkil etiladi va ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholash natijalari ko‘rib chiqiladi;

to‘rtinchi, sotib olinadigan uy-joylarni aniqlash, ajratiladigan ipoteka krediti bo‘yicha subsidiyani hisoblash, ipoteka kreditini rasmiylashtirish va subsidiyalarni to‘lab berish tartibi belgilandi.

  Qarorga ko‘ra: 
– Davlat xizmatlari agentligi hududiy bo‘linmalari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali uy-joy sotib olish uchun subsidiya to‘lanadigan shaxslarni tanlash jarayonida ko‘rsatiladigan xizmatlar;

– tegishli tashkilotlar tomonidan uy-joy sotib olish uchun subsidiya to‘lanadigan shaxslarni tanlashda foydalaniladigan ma’lumotlar (hujjatlar) istisno tariqasida to‘lovlarsiz amalga oshiriladi.