Uyda ishlash yaxshimi yoki ofisda

  • 21:35 / 06.09.2019
  • 348

Avval ofisda, hamkasblar davrasida ishlab, keyinchalik taqdir taqazosi bilan uyda ishlayotgan odamlar yoki bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanib, uyda o‘tirib qolgan ayollar, albatta, avvalgi ish joylaridagi muhitni qo‘msashlari aniq. To‘g‘rida, do‘stlar bilan uchrashuvlar, g‘iybat va hazillar bilan kechadigan qisqa tanaffuslar, bayram tadbirlaridagi voqealarni kim ham sog‘inmaydi, deysiz. Lekin idora ishining ham o‘ziga yarasha kamchiliklari va nuqsonlari bor. “New-York Magazine” muharriri Lora Belgrey ularni birma-bir sanab o‘tgan. Maqolani oxirigacha o‘qib chiqqach, ishxondan ko‘ra uyda ishlash eng ma’quli ekanligiga amin bo‘lasiz


1.  Boshliqlar

Ba’zi ofislarda boshliqlar devor ortidan ish jarayonini kuzatib turishadi. Ortiqcha nazorat esa xodimlar ruhiyatining zo‘riqishiga olib keladi. Bunday rahbarlar o‘ta talabchan bo‘lib, hech qachon boshqalarning muammosini tinglashni istashmaydi. Faqat o‘zini o‘ylovchi bu kabi boshliqlar bilan ishlashdan ko‘ra, albatta, uyda ishlagan ma’qul. 


2.  Ish kiyimi

Uyda kompyuter qarshisida, istasangiz, oddiy xalatda yoki qulay sport kiyimida o‘tirib ishlashingiz mumkin. Ishxonada esa buning aslo imkoni yo‘q. Bu qizlar uchun alohida muammo, chunki zamonaviy va qulay ofis kiyimlarini tanlash unchalik ham oson emas. Bundan tashqari kiyinishingizni hamkasblar doim muhokama qilishadi (bu ham yana bir “minus”).


3.  Ish joyi (o‘rindiq)
Odatda ofislarda stol-stullarda o‘tirib ishlanadi. Chunki idoralarda, asosan, ko‘chirib bo‘lmaydigan (katta protsessorli) kompyuterlardan foydalaniladi. Bundan tashqari kun bo‘yi bir o‘rindiqda o‘tirish salomatlikka jiddiy xavf soladi. Uyda bo‘lsa, noutbukni olib istalgan xonada ishlashingiz mumkin bo‘ladi.

Lekin ta’kidlab o‘tish kerakki, zamonaviy ofislarning ko‘pchiligida xodimlarga ishlash uchun noutbuk berilgan. Lekin ishxonada har doim ham kompyuterni o‘zingiz istadagan joyga qo‘yib ishlatish imkoni bo‘lmaydi. 


4.  Konditsioner

Ofisda konditsioner doimiy ravishda ishlab turadi. Lekin jamoada kimgadir issiq, kimgadir esa sovuq havo yoqadi. Agar sizning joyingiz konditsionerga yaqin bo‘lsa, ishxonaga issiq kiyim olib kelishingizga to‘g‘ri keladi. Chunki doimiy sovuq havo tagida o‘tirib, “muzlab” qolasiz. Bu noqulaylikka sababchi bo‘lgan hamkasblaringiz esa faqat ustingizdan kulishadi, xolos. Bundan tashqari, havo sovutgich sog‘liq uchun ham jiddiy xavf soladi. 


5.  Doimo nimadir yegingiz kelaveradi

Lora ofisda, ayniqsa, bo‘sh vaqtlarida doimo biror narsa yeyishni xohlayverishini payqab qolgan. Afsuski, ko‘p hollarda ular bir necha kun avvalgi tug‘ilgan kundan qolgan shirinliklar bo‘ladi. Bunday mahsulotlar, albatta, ortiqcha vazn yig‘ilishiga sabab bo‘ladi. 


6.  Oxiri yo‘q majlislar

Har bir masala bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazish – hamma boshliqlarning odati hisoblanadi. Boshida bunday uchrashuvlar ahamiyatli tuyuladi. Lekin majlislar takrorlanavergach, ular aslida avvalgi uchrashuvlarning davomi ekanini his qilasiz.


7.  O‘zini ishlayotgandek qilib ko‘rsatish

Lora ofisda ishlash uchun faqat bir necha soat sarflashini tan olgan. U deyarli yarim kunini ijtimoiy tarmoqlarni kuzatishga sarflagan. Hozirda u uyda ishlab istagan vaqtida ishini qiladi, istagan vaqtida uydagi boshqa ishlari bilan band bo‘ladi. 


8.  Erta turish

Ishxonaga borish uchun, albatta, barvaqt uyg‘onishga to‘g‘ri keladi. Tig‘iz vaqtda avtobusdagi tiqilinchliklar asabingizga tegishi aniq. Agar vaqtida ishga bormasangiz, boshlig‘ingizdan gap eshitishingiz turgan gap. Bundan tashqari sizdan jahli chiqqan boshliq mukofot pullaringizni ham kesib tashlaydi. Bu karyeradagi ko‘tarilishga ham salbiy ta’sir qiladi.
Freelance (shtatdan tashqari) ishlashning asosiy jozibasi shundaki, siz o‘z xohishingizga ko‘ra ish kunini boshlashingiz mumkin bo‘ladi.


9.  Boshqalarning odatlariga chidashga to‘g‘ri keladi 

Ish joyida har xil harakterli xodimlar bo‘ladi. Kimdir telefonda gaplashib asabingizga tegsa, yana kimdir esa yoqimsiz atir sepib ko‘nglingiz aynishiga sabab bo‘ladi. Uyda esa faqat oila a’zolaringizning sizga tanish odatlariga duch kelasiz, xolos.


10. Har bir loyihaga rozi bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi

Agar xo‘jayiningizning taklifi o‘ta g‘alati bo‘lsa ham siz uni qo‘llab-quvvatlashga majbur bo‘lasiz. Eng yomoni siz hozir kayfiyatingiz yo‘qligi sabab ishlay olmasligingizni unga tushuntirib bera olmaysiz. 

Qayerda ishlashingizdan qat’iy nazar hamisha o‘zingizga yoqadigan ishni qiling. Ana shunda karyerada yuksak cho‘qqilarga chiqishingiz osonroq kechadi.