Uydagi chang qanchalik xavfli?

  • 15:39 / 08.09.2019
  • 836

Vaqtning shiddat bilan oʻtib borayotganini hisobga oladigan boʻlsak, kun davomida rejalashtirilgan barcha ishlarni amalga oshirish oson emas. Ish, oʻqish, oila va doʻstlar – bularning barchasiga ulgurish oʻz-oʻzidan anchagina vaqtni talab etadi. Shuningdek, uy ishlari ham. Ba’zan ishlarning koʻpligidan uy tozalashga kelganda, ayniqsa, ishlaydigan ayollar biroz erinishadi va tozalash ishlarini keyingi kunga qolib ketadi. Kechasi esa kunduzgiga qaraganda erinchoqlik hissi ortadi. Undan koʻra serial tomosha qilishni yoki internetga kirib, yangiliklardan boxabar boʻlishni, doʻstlar bilan suhbat qurishni afzal koʻrishadi. Bu holat deyarli 90 foiz insonlarda kuzatiladi. 

Olimlar bu vaziyatga bee’tibor bo‘lmaslikni maslahat berishmoqda. Uyingizda toʻplangan chang-gʻuborlar salomatlik uchun oʻta xavflidir. Olib borilgan tadqiqotlarda bu vaziyat har tomonlama oʻrganib chiqilib, batafsil aniqlik kiritildi.

Chang qanday paydo bo‘ladi?

Arizona universiteti (AQSh) professori Paloma Bimer tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, chang zarrachalarining 60 foizi koʻchadan – kirish eshiklari yoki derazalar orqali uyga kiradi. Kichik zarralar hamma joylardan kirishi mumkin, bu tabiiy. Ammo qolgan 40 foiz changlar bino ichida paydo boʻladi. Bimerning xulosasiga koʻra, bu zarralar bir vaqtning oʻzida organik va noorganik hisoblanadi. Shuning uchun uydagi changning aniq tarkibini aniqlash mumkin emas.

Uydagi chang qanday yuzaga keladi? 

Uning paydo bo‘lishi, avvalo, uyning geografik joylashuvi, uydagi yashovchilar soni va ularning odatlari, uy hayvonlarining mavjudligi va shu bilan birga, uyni tamirlashda ishlatilgan materiallar, hatto uyni tozalash uchun ishlatiladigan vositalarga ham bogʻliq. Chang zarralari juda tez oʻrnashib olishini hisobga olsak, ular bilan kurashish biroz qiyinligini his qilamiz. Ammo savol tugʻilishi mumkin – changning salomatlikka qanday taʻsir qiladi? Ilmiy nuqtai nazardan, bu savolga javob berish oson emas. Lekin olimlar oʻz tajribalari orqali bunga oydinlik kiritishga urinib koʻrishdi.

Chang allergiyaga sabab bo‘ladi

Ayniqsa, uydagi changlar koʻplab allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi va ularni qoʻzgʻatishi maʼlum boʻldi. Allergik kasalliklarga chalingan odamlar, masalan, rinit yoki pollinozga chalingan odamlar chang havodan nafas olish qanchalik mushkul ekanini yaxshi bilishadi. Bunday vaziyatlarda chang ularning nafas olish tizimida va oʻpkalarida bezovtalik hissini uygʻotadi va odam oʻzini yomon his qila boshlaydi. Aniqrogʻi, faollikni yoʻqotadi. 

Maʼlum boʻlishicha, changda qoʻrgʻoshin yoki asbest kabi turli xil kimyoviy moddalar boʻlishi mumkin. Ushbu kimyoviy moddalar sogʻligimizga qanday ta’sir qilishi haqidagi maʼlumotga deyarli ega emasmiz. Bu moddalar, ayniqsa, uyda — maishiy texnika va jihozlarda oʻrnashib qolgan changlarda koʻp uchraydi. 

Uydagi changlarga bee’tibor boʻlmang

Yuqorida aytib oʻtilganidek, chang inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ikki kunda bir marta uydagi changlarni artib, tozalab turish tavsiya etiladi. Bu bilan siz turli kasalliklar oldini olgan boʻlasiz. Ayniqsa, yosh bolalar bor xonadonda bu holatga jiddiy qarash lozim. Ayni vaqtda olimlar uyda toʻplangan chang tarikibini yanada chuqurroq oʻrganishyapti va “uyda chang yigʻilishiga yoʻl qoʻymang, bu salomatligingizga xavf soladi”, deya uqtirishmoqda.

Teglar