Uydagi ranglar psixologik holatimizga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

  • 18:01 / 25.09.2019
  • 1062

Charchoqli kundan keyin o‘z uyingda hordiq chiqarishga nima yetsin. Ammo yorug‘lik manbalari va devorlar rangini noto‘g‘ri tanlash orqali  uyingizni charchoq chiqmaydigan, aksincha to‘planadigan joyga aylantirib qo‘yish mumkin. Buni qanday chetlab o‘tish mumkin?

Uy yorug‘ va shinam bo‘lishi lozim. To‘g‘ri loyihalash orqali bunga erishish mumkin. Tabiiy yorug‘lik qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Shu sababdan derazalarning o‘lchami va joylashuvi juda muhim. Ideal variant – poldan shiftgacha bo‘lgan ulkan derazalar. Ammo hayotingizni begona ko‘zlardan himoya qilishni istasangiz, derazalarni och rangdagi, nur o‘tkazuvchi pardalar bilan berkiting. 

To‘q ranglarni qamrab olgan uy anchagina zamonaviy ko‘rinishi mumkin, ammo bunday qorong‘ilikda yashash oson bo‘lmaydi, dam olishning esa iloji yo‘q. To‘q ranglar xavotir va hadikni chaqiradi, depressiyaning rivojlanishiga olib keladi. 

Yorqin va ko‘zga tashlanuvchi ranglar ham to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, qizil yoki binafsharang harakatga undaydi. Ular klub yoki sportzalga mos, ammo yashash joyiga emas. Uyda odam o‘zini xotirjam his qilishi kerak.
 
Devorlar iloji boricha och yoki yumshoq ranglarda bo‘lishi lozim: qaymoqrang, sarg‘ish, och pushti yoki jigarrang. Yashil rang ruhiyatimizga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, oq va och ranglar kishiga mayinlik hamda romantika bag‘ishlaydi. Ular o‘zingizni yengil his qilishingizga yordam beradi.  Umid qilamizki, bu maslahatlar uyingizni loyihalashda asqatadi.