Vazifasi davolash bo‘lgan dorilarning “kasri” yoxud XXI asrning yangi og‘usi 

  • 00:27 / 12.09.2019
  • 1110

Bugungi kunda yoshlar orasida ko‘p tarqalayotgan “Tropikamid” dori vositasi – ko‘z tomchilarini boshqa maqsadlarda, ya’ni uni organizmga burun orqali yuborish natijasida tana va miyada o‘zgarishlar sodir bo‘lishi, iste’mol qilgan shaxslar mast holatga kelishi borasidagi noxush xabarlar tez-tez uchramoqda. “Xabardor.uz” sayti mazkur psixotrop moddalarga ruju qo‘yish asosan qaysi yosh vakillari orasida uchrayotgani, uning inson salomatligiga ta’siri haqidagi savollar yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qildi.

Bosh prokuratura Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limining ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda giyohvandlar odatiy narkotiklar o‘rniga, narxi arzon, tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixofaol moddalar bo‘lmagan, ammo inson ruhiyati va organizmiga kuchli ta’sir etuvchi dori-darmonlarni notibbiy maqsadda iste’mol qilishga o‘tayotganliklari sababli, ushbu turdagi dori-darmonlarga talab oshib borayotgani kuzatilmoqda.

Zaharlangan shaxslarning 78 foizi ayollar

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda bu turdagi dori vositalaridan zaharlangan 2094 nafar fuqaroning 78 foizi ayollar, 27 foizi 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarni tashkil qiladi.
 
Hozirda yuzaga kelgan vaziyatni barqarorlashtirish va kelgusida nazorat, shuningdek, profilaktik ishlarni olib borish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasining mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bir oy davomida qabul qilgan shaxsda “qaramlik” paydo bo‘ladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bunday dori-darmonlarni muntazam notibbiy ravishda bir oy davomida qabul qilgan shaxsda “qaramlik” paydo bo‘ladi.

So‘nggi vaqtlarda mamlakatimiz hududida tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan “Baklosan”, “Zopiklon”, “Fenazepam”, “Fenobarbital” va boshqa dori vositalari noqonuniy muomaladan olinmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida Ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olingan, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bo‘lgan dori-darmonlarning asosiy qismi Toshkent shahri, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga to‘g‘ri kelmoqda.

Faqatgina shifokor retsepti asosida berilishi belgilangan

Bu borada Sogʻliqni saqlash vazirligining ma’lumotlari quyidagicha:

“Tropikamid” dori vositasi oftalmoskopiyani oʻtkazish va refraksiyani aniqlashda tashxis qoʻyish uchun (shu jumladan, qorachiqni kengaytiruvchi boshqa preparatlarga yuqori sezuvchanlik boʻlganida), koʻzning yalligʻlanish kasalliklarini majmuaviy davolashda sinexiyalarning rivojlanishi oldini olish maqsadida qoʻllanadi. Ushbu dori vositasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2018-yil 22-oktyabrdagi “Retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 50-son buyrugʻiga koʻra, shifokor retsepti asosida berilishi belgilangan.

“Tropikamid” dori vositasi koʻzga tomizish uchun moʻljallangan boʻlib, koʻz kasalliklarida foydalaniladi. Undan qoidaga xilof ravishda foydalanib, inyeksiya qilinganda qon tomirlari kengayishi tufayli sarxushlik holati yuz beradi. Ammo “Tropikamid”ni “Lirika” va “Tramadol” kabi psixotrop dori vositalari bilan tenglashtirib boʻlmaydi. “Tropikamid”da narkotik moddalar mavjud emas. Ushbu dori vositasi retseptsiz berilsa, turli noxush vaziyatlar ehtimoli koʻpayishi mumkin. Shu bois “Tropikamid” faqatgina shifokor retsepti asosida berilishi shart.

Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar roʻyxatlariga kiritilmagan

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-oktyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Respublika hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada boʻlishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish toʻgʻrisida 2015-yil 12-noyabrdagi 330-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarorida tasdiqlangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar roʻyxatlariga “Tropikamid” dori vositasi nomlanishi boʻyicha kiritilmagan. Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1961-yilgi giyohvandlik moddalari toʻgʻrisidagi Yagona konvensiyasi va 1971-yilgi psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi konvensiyasi talablariga muvofiq tasdiqlangan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar roʻyxatlarida ham uchramaydi.

Tibbiyot amaliyotida ishlatishga ruxsat etilgan ushbu dori vositasi Davlat Reyestridan “Midaks”, “Tropikamid” nomlari bilan oʻtkazilgan. Sertifikatlashtirish organlarining maʼlumotiga koʻra, mazkur dori vositasi mamlakatimizga 2018-yil davomida 562 256 oʻram, 2019-yilning 1-mayigacha 447 110 oʻramda keltirilgan. Mazkur dori vositasi bilan bogʻliq noqonuniy xatti-harakatlar yuz bergan holatlarda Sogʻliqni saqlash vazirligiga huquq-tartibot organlari tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida Narkotiklarni nazorat qilish Davlat komissiyasi tomonidan roʻyxatga kiritilishi toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqiladi.

“Tropikamid” dori vositasi dorixonalarda faqat shifokor retsepti asosida sotilishi belgilangan.

“Yarim oila”larda voyaga yetayotgan farzandlarning taqdiri 

Mastura Valiyeva – amaliyotchi psixolog:

– Har bir shaxsga alohida, individual tarzda qarash kerak. Kimdadir mazkur moddalarga moyillik bo‘ladi. Ota-onasidan sir yashiradigan, atrof muhitdan qochadigan, qalban yolg‘iz odamlar tushkunlikdan chiqishga yo‘l izlaydi. Ana shunday odamlarda psixotrop moddalarga moyillik kuzatiladi. Shuningdek, bunday holat atrof-muhitni tanqidiy ko‘z bilan kuzatadigan kishilarda ham uchraydi. Sababi, optimist odamlar tushkunlikdan tezda chiqib ketishga chora topadilar. 

Bu kabi moddalarni iste’mol qiluvchilarning holatiga qarab tashxis qo‘yiladi. Ularning ko‘zlari boshqacha bo‘ladi. Hozirgi kunda yoshlar orasida bunday illatlarning avj olayotganiga sabab ayrim oilalardagi nosog‘lom muhitdir. Ota-onaning o‘zi psixolog yordamiga muhtoj bo‘lgan oilalar 35-40 foizni tashkil qilmoqda. Bu kabi “yarim oila”larda voyaga yetayotgan farzandlarning taqdiri amaliyotchi psixolog sifatida meni tashvishga soladi.

Zarifjon Ashurov – Toshkent tibbiyot akademiyasi psixiatriya va narkologiya kafedrasi mudiri:

– Bizga murojaat qilgan aksar ota-onalar farzandining bu yo‘lga kirganini sezmay qolganini aytishadi. Buni bilmay qolish mumkin emas. Psixotrop moddalarni qabul qilayotgan yoshlardagi birinchi belgi o‘qishining pasayishi, turmush tarzi va kayfiyatidagi o‘zgaruvchanlik holatlarida kuzatiladi. Keyingi alomati yuz va ko‘zlarida qizarish, uyqusining almashishida bilinadi. Buni davolash qancha erta boshlansa, samarasi ham shuncha yaxshi bo‘ladi. Davolashda to‘g‘ri yondashuv juda muhim. Bunda ota-ona va bemorning yaqinlari unda sog‘lom hayotga qaytishiga umid uyg‘ota olishi, jamiyatga qo‘shilishiga ko‘maklashishi lozim.

Shahnoza Turamuratova tayyorladi