Xalq banki “Humo” bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi

  • 08:10 / 09.05.2020
  • 251

So‘nggi uch kun davomida “Humo” to‘lov tizimida uzilishlar kuzatilmoqda. Bu, o‘z navbatida, Xalq banki filiallarida katta navbat paydo bo‘lishiga olib keldi. 

Xalq banki axborot xizmati vaziyatni quyidagicha izohladi: “Mablag‘larning plastik kartalarga yuklanishi va kartalardan naqd pul yechish tranzaksiya operatsiyalari hajmining ortib ketishi to‘lov tizimidagi uzilishlarga sabab bo‘ldi”.

Ma'lum qilinishicha, Xalq banki rahbariyati tomonidan pensionerlarning plastik mablag‘larini tezkorlik bilan yechib berish choralari ko‘rilmoqda.

Respublika bo‘yicha Xalq bankining jami 879 ta bankomati ishlab turibdi. Ularning 650 tasi “Humo” bankomati bo‘lsa, 229 tasi “Uzcard” bankomatlaridir.

“Filiallarda navbatlarning oldini olish, pensionerlarimizning plastik kartalaridagi mablag‘larini naqdlashtirishlarini tezlashtirish maqsadida qo‘shimcha xizmat nuqtalari tashkil etilmoqda,” deyiladi xabarda. 

Izohda sayyor kassa xodimlari soni ikki barobarga ko‘paytirilganligi va bank xodimlari shanba yakshanba, ya’ni 9-10 may kunlari ham faoliyat ko‘rsatishi takidlab o‘tilgan.

Ma'lumot o‘rnida, may oyi boshidan buyon Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi pensiya va nafaqa oluvchilarga AT Xalq banki tomonidan jami 619 mingdan ziyod bank plastik kartalari ochilgan. Shundan 242 mingtasi “Humo” va 377 mingtasi “Uzcard” plastik kartalaridir. O‘z navbatida, Pensiya jamg‘armasi tomonidan plastik kartalarga pensiya va nafaqalar uchun 1,4 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘lar to‘liq moliyalashtirib berilgan.