Xitoydan navbatdagi insonparvarlik yordami yetib keldi

  • 16:30 / 14.05.2020
  • 290

Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini jo‘natdi. Xitoy harbiy aviatsiyasi tomonidan Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan tibbiyot vositalari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mutasaddilari tomonidan qabul qilib olindi.

Xitoy harbiy samolyoti bortida jami 2,5 tonnaga yaqin 13 turdagi tibbiyot vositalari olib kelindi. Ular asosan yuqumli kasalliklardan himoyalovchi tibbiyot niqoblari, ko‘zoynaklar, maxsus kiyimlar, masofadan turib tana haroratini o‘lchovchi termometr, dezinfektsiyalovchi apparat kabi eng zarur buyum va vositalardan tashkil topgan. Mazkur insonparvarlik yordamining umumiy miqdori 2 million Xitoy yuaniga, ya’ni 2 milliard 870 million so‘mga yaqin.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida mazkur insonparvarlik yordamini topshirish marosimida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi harbiy attashesi, katta polkovnik Syuy Chanchjilar ishtirok etgan.

“Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik hozirgi epidemiya davrida ikki xalqning bir-biriga o‘zaro ko‘mak berishga doim tayyorligini ko‘rsatdi”, deydi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan.

Eslatib o‘tamiz, mart va aprel oyi oxirlarida ham koronavirusdan himoyalovchi vositalardan iborat gumanitar yordam yetib kelgandi.