Xiva turk dunyosining madaniy poytaxti deb e’lon qilindi

  • 17:07 / 02.12.2019
  • 115

O‘zbekistondagi Xiva tarixiy shahri 2020-yili turk dunyosining madaniy poytaxti deb e’lon qilindi. TURKSO‘Yning O‘sh shahridagi doimiy kengashi 37-yig‘ilishida tegishli qaror qabul qilindi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Qirg‘iziston madaniyat, axborot va turizm vaziri Azamat Jamankulov ushbu qaror bir ovozdan qabul qilinganini ta’kidladi. 

Yig‘ilishda TURKSO‘Y bosh kotibi Dyusen Kaseinov, Ozarboyjon madaniyat vaziri o‘rinbosari Rafig Bayramov, Qozog‘iston madaniyat vaziri o‘rinbosari Nurkisa Dauyeshov, Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Nodir Alparslon, Turkmaniston madaniyat vaziri o‘rinbosari Gurbanmurod Miradaliyev, Shimoliy Kipr turk respublikasi ta’lim va madaniyat vaziri Nozim Chovusho‘g‘li, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova ishtirok etdi.

Turk dunyosi madaniy poytaxti sifatida har yili Turkiy tilli davlatlar shaharlaridan biri tanlab olinadi. 2019-yilda bu maqomga Qirg‘izistonning O‘sh shahri egalik qilmoqda.  2012-yilda Ostona shahri birinchi Turk dunyosi madaniy poytaxti bo‘lgan.

Xiva shahri zamonaviy O'zbekistonning asosiy durdonalaridan biri bo'lib, o'zining tarixiy qiyofasini deyarli saqlab qoldi. Qadimgi shahar bir paytlar Xorazm xonligining markazi bo'lgan, - dedi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova.