Xorazmda o‘tkaziladigan fizika olimpiadasi g‘oliblari Litvaga yo‘llanma oladi

  • 17:49 / 07.11.2019
  • 159

9-noyabr kuni Xorazm viloyatida Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi fizika olimpiadasi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu olimpiadada 2018-2019-o‘quv yilida hududiy xalq ta’limi va kasb-hunar ta’limi boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g‘olib bo‘lib (1-2-3-o‘rin), hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf, akademik litseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchi ishtirok etadi.

G‘oliblar xalqaro fizika olimpiadasida qatnashadi

Olimpiada g‘oliblari Xalq ta’limi vaziriligi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, 2020-yilda Litvaning Vilnyus shahrida o‘tkaziladigan 51-xalqaro fizika olimpiadasida (IPhO-2020) ishtirok etuvchi mamlakat milliy terma jamoasini shakllantirish bo‘yicha saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Eng yuqori ball to‘plaganlar iqtidorli o‘quvchilar zahirasiga olinadi

Qo‘shimcha respublika olimpiadasi ishtirokchilari orasidan eng yuqori ballarni to‘plagan dastlabki 20 nafar ishtirokchi iqtidorli o‘quvchilar zahirasiga qabul qilinadi va ular bevosita xalqaro fizika olimpiadasining saralash bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.