YPX xodimi haydovchini nima sababdan do‘pposlaganiga YHXBB izoh berdi

  • 16:21 / 14.01.2020
  • 190

Ijtimoiy tarmoqlarda Yo‘l patrul xizmati (YPX) xodimi haydovchini yerga yotqizib do‘pposlangani tasvirlangan video tarqaldi. Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) ushbu holat yuzasidan izoh berdi.

“Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani hududidagi harbiy poligonda 11-yanvar kuni “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan tadbir bo‘layotganligi sababli “Farg‘ona – Chimyon” yo‘li YPX xodimlari tomonidan yopilgan. Bu vaqtda, Farg‘ona tumani Oqbilol qishlog‘idagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarini poligondagi tadbirga o‘qituvchilar hamrohligida avtobusda olib kelingan.

Shu hududda xizmat olib borayotgan Farg‘ona viloyati IIB YHXB YPX inspektori I.Odilov maktab o‘qituvchilariga tadbir sababli yo‘l yopilganligini, rahbarlardan ruxsat so‘rash kerakligini aytgan vaqtida, o‘qituvchi: “manda ruxsatnoma bor, o‘tishim kerak” deb, inspektorga qo‘pol muomila qilgan va inspektor bilan maktab o‘qituvchisi o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan.

Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, maktab o‘qituvchisi YPX xodimini haqorat qilganligi uchun xodim uni yerga yiqitib patrul avtomobiliga o‘tqizmoqchi bo‘lgan", deyiladi xabarda.

Mazkur holat IIV YHXBB tomonidan nazoratga olinib, ayni paytda xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.