Yagona yo‘limiz – tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish – Prezident

  • 19:16 / 08.01.2020
  • 390

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-yanvar kuni Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi

Ilg‘or xorijiy tajriba hamda sinalgan amaliyot asosida mamlakatimizda milliy soliq tizimi yaratildi. Soliqlar soni va stavkalari optimallashtirildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi. Buning natijasida o‘tgan yili tadbirkorlar ixtiyorida jami 2 trillion so‘m mablag‘ qoldi.  

2020-yil 1-yanvardan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amaliyotga tatbiq etildi. Bu islohotlardan asosiy maqsad – joriy va kelgusi yillarda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdir. 

Yig‘ilishda buning uchun tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va bu orqali byudjet tushumlarini muntazam oshirib borish zarurligi ta’kidlandi.

– Yagona yo‘limiz – tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish! Har bir hokim byudjetga qo‘shimcha daromadlarni ta’minlashi uchun o‘zi izlanishi, tadbirkorga sharoit yaratib, biznes vakillari bilan yelkama-yelka ishlashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Joylardagi rahbarlarning eskicha ish uslubi, energiya resurslari iste’moli va to‘lovi bo‘yicha hisob-kitob yuritishi, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga yondashuvi tanqid qilindi. O‘tgan yili Mirzo Ulug‘bek, Gʻuzor va Muborak tumanlarida faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlar soni oshgani ko‘rsatib o‘tildi. 

– Bitta tadbirkor o‘z faoliyatini to‘xtatsa ham, bunga “favqulodda holat” sifatida qaralishi kerak, – deya ta’kidladi Prezident. – Iqtisodiy barqarorlik asosi raqobatbardosh tadbirkorlarni ko‘paytirishdir.