Yangi Zelandiyada 51 musulmonni o‘ldirgan shaxs aybiga iqror bo‘ldi (+video)

  • 16:49 / 26.03.2020
  • 1687

Bugun, 26-mart kuni Brenton Tarrant ismli shaxs o‘tgan yilning 15-martida Yangi Zelandiyaning Kristchurch shahridagi ikkita masjidda 51 musulmonni o‘ldirganini tan oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, u shu paytga qadar ayblovlarni rad etib, iyun oyida bo‘ladigan sudni kutayotgan bo‘lgan. 

“Bugun tongda Kristchurch shahrida tashkil etilgan Oliy sud majlisida ayblanuvchi Avstraliyaning Janubiy Uels shahridagi qamoqxonadan audio-vizual aloqaga chiqib, 51 qotillik uchun javobgarlikni o‘z bo‘yniga oldi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, 29 yoshli Tarrant Masjid al-Nur va Linvud Islom markazidagi qotillikka urinish bilan bog‘liq 40 ta ayblovni ham, terrorchilik aktida ishtirok etganini ham tan olgan. 

Mamlakatdagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat sabab sud zaliga jamoatchilik vakillari kiritilmagan. Faqatgina qotillik sodir etilgan ikki masjid vakiliga kirishga ruxsat berilgan.

Sudya Kemeron Manderning ta’kidlashicha,  koronavirus xavfi chekinib, jabrlanuvchilar va ularning oila a’zolari sudga kelishiga imkon tug‘ilgunga qadar hukm o‘qib eshittirilmaydi.