Yangi ishga kirmoqchi bo‘lganlar uchun: Rezyumedagi bu 7 xatolik ishga kirishga to‘sqinlik qiladi

  • 18:30 / 12.02.2020
  • 3078

“Resume Writers’Inc” agentligining menejeri Tina Nikolay o‘z mehnat faoliyati davomida 50 mingdan ortiq rezyumelarni ko‘rib chiqqan. Mutaxassisning aytishicha, ko‘pchilik ishga kiruvchilar ish beruvchiga o‘zini to‘g‘ri taqdim qilishni bilmaydi, o‘z muvaffaqiyatlarini yetarlicha ko‘rsatib bera olmaydi. Nikolay bu kamchiliklarning barini inobatga olib, eng ko‘p tarqalgan xatoliklarni taqdim qildi. Ularni chetlab o‘tish, yangi ishga joylashishni rejalashtirayotganlar uchun qo‘l kelishi aniq. 

1-xato: Eskilik
Ishga kiruvchining eng katta xatosi eskirgan qolipdagi jumlalar, ma’lumotlar va qoliplardan iborat rezyume to‘ldirishdir. Nikolayning fikricha, bunday rezyume nomzodning dangasaligiga ishora qiladi. Ishga joylashmoqchi bo‘lgan o‘sha inson, hattoki o‘zi haqidagi yangi va kerakli ma’lumotlarni rezyumega chiroyli qilib qayd qilishga erinadi. U qachonlardir to‘ldirib qo‘ygan rezyumeni ish beruvchiga taqdim etish bilan chegaralanadi, xolos.

2-xato: Uzun matn
Rasmiy uslubdagi, uzundan uzun matn ish beruvchini zeriktiradi. Nikolay bu uslubdagi rezyumelarni romanning bir bo‘lagidek qabul qilar ekan. Yaxshi ishga joylashmoqchi bo‘lgan inson rezyumega o‘z faoliyatini va muvaffaqiyatlarini qisqa tezislar shaklida yozishi kerak. Bunda asosiy e’tibor muvaffaqiyatlarga qaratilishi zarur. 

3-xato: Hamma biladigan jumlalarni yozish
Rezyumeni hammaga ma’lum va “mashhur” jumlalar bilan to‘ldirib tashlamaslik kerak. Mana oddiy misol: telefon raqamlari va elektron pochta manzili oldidan “telefon raqam” va “elektron manzil” degan so‘zlarni yozmang. Tinaning aytishicha, ish beruvchiga mantiqiy ishora qiluvchi so‘zlarni yozish shart emas.

4-xato: Maxsus ma’lumotlarni olish uchun...
Faoliyatingiz haqida yana qo‘shimcha ma’lumotlarni olish uchun eski ish joyingizning elektron manzilini kiritishni ham unutmang. Bu siz haqingizda qo‘shimcha ma’lumotlarni olishga, siz haqingizda yanada ko‘proq bilish imkoniyatini beradi.

5-xato: Majburiyatlarni vergul bilan ajratish
Eski ish joyida bajarilgan vazifalaringizni vergul bilan ajratib yozish sizni “dangasa” qilib ko‘rsatadi. Negaki, bu sizning nimalarni bajarganingizni emas, ish beruvchi sizdan nimalarni talab qilganligi haqida so‘zlaydi.  

6-xato: Jargon so‘zlardan kamroq foydalaning
“Universal kommunikator” kabi zamonaviy terminlar orqasida bo‘shliq yotadi. Nikolay o‘zingiz haqingizdagi jumlalarni oddiy tilda yozishni tavsiya etadi. Agar siz bir jamoada ishlay oladigan haqiqiy professional xodim bo‘lsangiz, buni bir nechta so‘zlar bilan, oddiy tilda, hammaga tushunarli tarzda yozing.

7-xato: “Shablon” matnlar
Qolip asosida to‘ldirilgan rezyume odamning g‘ashini keltiradi. Bunday hujjat zerikarli, nomzod haqida juda sust tushuncha beradi. Odatda, bunday rezyume insonning ish beruvchiga ma’lum qiladigan gapi yo‘qligiga yoki bo‘lmasa, bu haqda yozishdan maqsad ko‘ra olmayotganiga ishora qiladi.