Yangi ixtiro: chiqindidan noyob material – grafen olish usuli 

  • 14:27 / 21.02.2020
  • 191

Rays universitetida (Xyuston, AQSh) tarkibi ko‘mirga boy bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlab grafen olishning yangi texnologiyasi yaratildi. Ayni usul atrof-muhitga nafaqat ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, tez va arzon grafen olish imkonini ham beradi. Buning uchun chiqindi Syelsiy bo‘yicha 2 700 darajadan yuqoriroq haroratda qizdiriladi. Baland harorat chiqindilarga bog‘lanib turgan uglerodni ajratib yuboradi va ulardan millisekundlar oralig‘ida  grafen tayyorlashga ulgurish lozim.
 
Grafen olishga mo‘ljallangan bu texnologiya uchun yaroqsiz avtomobil shinalari ayni muddao. Yoki, banan po‘stida ham uglerod ko‘p bo‘lar ekan. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, ixtiro  atrof-muhit uchun juda ham foydali. Chunki, u hamma joyda yoyilib yotgan va sayyoramizni ifloslantirayotgan har xil chiqindilar muammosini ham hal etadi.

Aytish joizki, grafen ishlab chiqarishda shu paytgacha mavjud jarayon sifati yuqori yoki past bo‘lishidan qat’i nazar, juda kam miqdorda olish imkonini berardi. Rays universiteti olimlari esa qisqa vaqt mobaynida kam xarajat bilan yetarli miqdorda grafen hosil qilish mumkinligini namoyish etishdi.
   
Grafen – elektr o‘tkazuvchi kelajak texnologiyalarida keng ishlatilishi kutilayotgan sensatsion material. Uni avtomobilsozlikda, yengil sanoatda, elektronika sohasida keng ishlatish mumkin. Bu material smartfonlar, kompyuterlar va quyosh batareyalarining panellari uchun juda ham zarur.