Yangi tashkil etilgan Geologiya fanlari universitetiga rektor tayinlandi

  • 17:34 / 12.06.2020
  • 768

Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 8-iyundagi qaroriga binoan O‘zbekistonda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi
 
Universitetda talabalar O‘zbekiston Respublikasining davlat ta’lim standartlari asosida geologiya va konchilik yo‘nalishidagi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetining qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha, ular bilan erishiladigan kelishuvlarga muvofiq o‘qitiladi.

2020-yil 1-sentabrga qadar Davlat geologiya qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2020–2021-o‘quv yili uchun universitetga talabalarni qabul qilish jarayoni talabga muvofiq o‘tkaziladi.

Hukumatning 11-iyundagi qarori bilan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobir Farxadovich Islamovga Geologiya fanlari universiteti rektori vazifasini bajarish yuklatildi.

Maʼlumot uchun, universitet 2020–2021-o‘quv yilida I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.