Yaponlar ovqat ta’mini beradigan qurilma yaratishdi

  • 20:12 / 29.05.2020
  • 69

Insoniyat paydo bo‘lgandan beri oshpazlar yaratgan o‘ziga xos ta’mga ega taomlar turi milliondan kam bo‘lmasa kerak. Har kuni cho‘ntagimizga yarasha turli taomlarni tanovul qilamiz. Biroq dunyoda oshpazlikka oid shunday nodir ijod namunalari borki, uni tatib ko‘rishga shunchaki pulingiz yetmasligi mumkin. Qimmatbaho go‘sht, qo‘ziqorin va boshqa mahsulotlardan tayyorlangan taomning ta’mini his qilib ko‘rishga hech kim yo‘q demasa kerak. Yana bir necha o‘n yildan keyin bizda ana shu imkoniyat paydo bo‘lishi ehtimoli bor. Qolaversa, restoran va kafelarda jaraq-jaraq pul sarflashga ham hojat qolmaydi. Buning uchun yaponlar ixtiro qilgan “Norimaki sintezatori” deb nomlangan qurilma yordam beradi. U turli taomlar ta’mini beradi. 
   
“Norimaki sintezatori” deyarli barcha ta’mni his qilishga imkon beradi.  
Norimaki – guruch va dengiz mahsulotlarining yeyish mumkin bo‘lgan suv o‘tlariga o‘ralgan zich naychalaridir.   

Ta’mlar qanday bo‘ladi?  
Turli ta’mlarni his qildiruvchi moslama Yaponiyadagi Meydzi universitetida yaratilgan. U ikki qismdan iborat – turli ta’mlar intensivligini boshqarish pulti va suv o‘tlariga o‘ralgan naycha. Bu naychaning oxirida 5 ta bo‘rtiq joylashgan bo‘lib, ular odam tilini tekkizganida turli ta’mlarni his qildiruvchi har xil gellar bilan to‘ldirilgan.    
Chap tarafda – tilga tekkizish kerak bo‘lgan naycha, o‘ng tarafda – ta’m intensivligini boshqarish pulti. 
Bo‘rtiqlar 5ta ta’mni aks ettiradi: 
- shirin, glitsin yordamida;
- sho‘r, natriy xloridi yordamida;
- achchiq, magniy xloridi yordamida;
- nordon, limon kislotasi yordamida;
- umami, glyutaminli natriy yordamida.

Umami – bu beshinchi, qo‘shimcha ta’m turi bo‘lib, 1990-yilda Uzoq Sharq mamlakatlarida rasman tan olingan. Bu nomni yapon tilidan “yoqimli achchiq ta’m”, deb tarjima qilish mumkin. Bu ta’mning ba’zan soya qaylasida, parmezan pishlog‘ida va grek yong‘og‘ida sezilib qoladi. Umuman olganda, tuzlamaga ham o‘xshab ketadi.

Kelajak taomi 
“Norimaki sintezatori”ning ish uslubi juda oddiy. Odam turli rangdagi va har xil maza beruvchi gellar bilan to‘ldirilgan bo‘rtiqlari bor naychani tiliga qo‘yadi. Bo‘rtiqlarga simlar orqali elektr quvvatining nim razryadlari yuboriladi va ular tilning ta’m retseptorlariga turlicha ta’sir qiladi. 5ta ta’mning boshqaruv pulti yordamida hosil qilingan uyg‘unligi aslida yo‘q bo‘lgan turli taomlarning ta’mlarini his qildiradi.  
Loyiha rahbari Xomeo Miyasitaning so‘zlariga ko‘ra, bu xuddi inson televizor, kompyuter yoki smartfon ekranlaridan tasvirni qabul qilganiga o‘xshaydi. Aslida, ko‘z oldingizda qizil, ko‘k, yashil ranglar aylanadi va ular birlashib yagona chiroyli rasmga aylanadi. “Norimaki sintezatori” ham xuddi shu tarzda ishlaydi – til turli kuchlanishdagi shirin, sho‘r, achchiq, nordon va umami ta’mlarini his qildiradi. Ular uyg‘unlikda ta’omlarning ta’mini yaratadi. 
Olimlarning fikricha, kelajakda ularning kashfiyotiga talab oshadi. Misol uchun, uzoq masofaga uchayotgan yo‘lovchi ko‘ngli tusagan ovqatni topolmaganida uning mazasidan bahramand bo‘lishi mumkin. Oziq-ovqat mahsulotlariga allergiyasi bo‘lganlar ham toshmalar toshishi, qichishish, umuman yoqimsiz oqibatlar kelib chiqishi xavfidan xoli bo‘ladilar, ular uchun ta’qiqlangan mahsulotlar ta’mini tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘ladilar.

Eng qimmat ovqat 
“Norimaki sintezatori” maqola boshida keltirib o‘tilgan qimmatbaho taomlarning mazasini his qilishga ham ko‘maklashadi. Misol uchun, 200 gramining narxi 400 dollar turadigan “Vagyu” mol go‘shtining mazasi qanday ekanligiga puli kamroq bo‘lganlar ham baho berishi mumkin. Noyob turga mansub qoramol maxsus parvarishlangani uchun narxi juda qimmat bo‘ladi. 
Vagyu mol go‘shtidan tayyorlangan taom – dunyodagi eng qimmat taomlardan biridir.
Texnologiyaning rivojlanishini kutish qolyapti, xolos. Ayni paytda qurilma katta va shakli sushiga o‘xshaydi. Bunday texnologiyalar bilan ko‘plab olimlar shug‘ullanyapti. Umid qilamizki, Meydzi universiteti xodimlari o‘z izlanishlarini to‘xtatib qo‘yishmaydi va yangi ixtironi oxiriga yetkazishadi.