YouTube’ga joylangan birinchi video qanday ko‘rinishda bo‘lgan?

  • 22:56 / 14.05.2020
  • 89

PayPal sobiq xodimlari Chad Xyorli, Stiv Chen va Javed Karim 2005-yilning fevral oyida YouTube videoxostingini yaratishganda, internet butunlay boshqacha edi. O‘sha paytda hozirda juda mashhur bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarning birortasi ham mavjud bo‘lmagan. Internet orqali video almashish imkonsiz ish edi. Aynan shu sababli YouTube asoschilari sizga darhol video yuklash va do‘stlaringizga namoyish qilish imkonini beradigan sayt g‘oyasini ilgari surishdi.

YouTube’ga 2005-yil 23-aprel kuni joylangan birinchi video 18 soniyalik “Me at the Zoo” nomli roligi bo‘lgan. Unda Karim San-Diyego hayvonot bog‘idagi fil yoniga borib, shunday so‘zlarni aytgan: “Mana, biz fillar oldida turibmiz. Ularda mavjud eng ajoyib narsa, bu, ularning juda, juda uzun quloqlaridir. Bu juda ajoyib. Va boshqa hech narsa deya olmayman”. Mazkur video 320x240 o‘lchamda suratga olingan va internet tezligi juda past bo‘lgan o‘sha davrda olamshumul hodisa edi. 2005-yilning noyabr oyida YouTube birgina shu shaxsiy va ma’nosiz videodan so‘ng misli ko‘rilmagan mashhurlikka erishdi.
 
Video muallifi, immigrant Yakov Lapitskiy bu videoni nima uchun suratga olayotganini bilmagan. Bir yildan so‘ng Google kompaniyasi YouTube’ni 1,6 mlrd. dollarga sotib oldi va u o‘z egalariga yiliga 4 mlrd. dollar daromad keltirmoqda hamda foydalanuvchilari soni 1 mlrd. kishiga yetdi. O‘zining har tug‘ilgan kunida YouTube’ning ilk videosi hisobiga yuz minglab namoyishlar qo‘shilgan bo‘ladi: hozirda uni 23,5 mln. marta ko‘rishgan. Uning muallifi Yakov Lapitskiy videoni nima uchun suratga olayotganini hatto bilmagan ham. U bu haqda bir oydan so‘ng, Karim unga sayt havolasini tashlaganidan so‘ng bilib qolgan.

Yakov Lapitskiy – YouTube’ga joylangan birinchi video egasi:
– Men nimaga aralashib qolganimni bilmasdim. Har safar u yerda biror g‘ayrioddiy narsa paydo bo‘lganida, Javed menga “Bu videoga qarang” deb, izohi bilan xat yuborardi. O‘sha paytda dissertatsiya ustida ishlayotgandim, shuning uchun har 15-30 daqiqada keladigan bu xatlar menga biroz chalg‘ishga yordam bergan.