YouTube haqida eng qiziqarli faktlar

  • 22:37 / 11.11.2019
  • 1053

Youtube juda ulkan. Sayyoramizda video ulashuvchi eng yirik platforma bo‘lib, tashriflar soniga ko‘ra ikkinchi o‘rinda turadigan sayt hisoblanadi. Buni avvaldan ham bilsangiz kerak. Shuning uchun siz bilmagan bir nechta faktlarni tadqim etishga qaror qildik

Har oyda qancha foydalanuvchi tashrif buyuradi?

Shu yili YouTube yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Platformaga tashrif buyuruvchilar soni ikki milliardga yetdi. Bu sayyoramiz aholisining to‘rtdan bir qismi deganidir. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilarning 62 foizi erkaklar, qolgan 38 foizi esa ayollardir. 

YouTube’ga qancha video yuklanadi?

Bir necha oy oldin Google har daqiqada YouTube’ga 500 soatlik kontent yuklanishini ma’lum qilgan edi. Bu soatiga 30 000 soat va kuniga 720 000 soat deganidir. Ya’ni, bir kunda YouTube’ga joylangan hamma videolarni to‘liq ko‘rib chiqishingiz uchun sizga 82 yil kerak bo‘ladi. 

Google YouTube’ni qanchaga sotib olgan?

YouTube 2005-yilda PayPal’ning uchta sobiq xodimi – Javed Karim (Jawed Karim), Ched Xerli (Chad Hurley) va Stiv Chen (Steve Chen) tomonidan yo‘lga qo‘yilgan. Domen nomi 2005-yilning 14-fevralida faollashtirilgan, ammo ilk video platformaga o‘sha yilning 23-aprelida yuklangan. Platforma juda tez muvaffaqiyatga erishdi va Google 2016-yilning noyabrida uni 1,65 mlrd. dollarga sotib oldi.  

YouTube qancha turadi?

YouTube uchun Google tomonidan to‘langan 1,65 mlrd. dollar arziydigan miqdor edi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, YouTube o‘z egalariga yiliga 20 mlrd. dollar foyda keltiradi, uning bozor narxi esa hozirda 140 mlrd. dollarni tashkil qiladi. 

YouTube’dagi eng mashhur video

Ayni vaqtda YouTube’dagi eng ko‘p ko‘rilgan video Luis Fonsi (Luis Fonsi) va Deddi Yanki (Daddy Yankee) tomonidan kuylangan Despasito qo‘shig‘idir. Ushbu material shu vaqtgacha 6,5 millard marta ko‘rilgan. Undan so‘ng, Ed Shiran (Ed Sheeran)ning “Shape of you” (4,4 milliard) va Uiz Xalif (Wiz Khalifa)ning “See You Again” (4,2 milliarddan ko‘p) qo‘shiqlari turadi. 

YouTube’dagi eng mashhur top 10ta video ichida ko‘rishlar soni bo‘yicha faqatgina bitta video musiqiy klip emas. Ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinda “Masha va maymoq – falokat retsepti” nomli videodir. U hozirgacha 4,1 milliard marta ko‘rilgan. 

YouTube’da foydalanuvchilar nechta video ko‘rishadi?

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilar YouTube’da har kuni jami besh milliard video ko‘rishadi. Bu faqatgina o‘tgan yilgi ma’lumotlar, hozir ko‘rsatkichlar yana-da oshgan bo‘lsa kerak. YouTube bu statistikani doimiy ravishda e’lon qilmaydi, ammo foydalanuvchilar platformada oyiga milliard soat video ko‘rishi haqida ma’lumot bor. 

Eng ko‘p haq oladigan YouTube-bloger

Forbes’ning ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda YouTube orqali eng ko‘p pul topadigan bloger Rayan Kadzi (Ryan Kaji) hisoblanadi. Qizig‘i, u yetti yoshli bolakay bo‘lib, Ryan Toys Review nomli kanalida o‘yinchoqlar haqida ma’lumot beradi. Uning 22,4 millionta kuzatuvchisi bor va ayni vaqtgacha videolari 33 milliard marta ko‘rilgan.  

Eng mashhur YouTube-bloger

YouTube’dagi eng mashhur kanal sifatida PewDiePie bir necha yil davomida yuqori pog‘onalarda turar edi, vaziyat shu yilning martida o‘zgardi. PewDiePie kanalini hindistonlik musiqiy leyblga tegishli T-Series kanali quvib o‘tdi. Hozir T-Series’ning 117 million kuzatuvchisi, PewDiePie’ning esa faqatgina 102 million kuzatuvchisi bor. 

YouTube’ni qaysi platformadan ko‘proq ko‘rishadi?

YouTube’dagi ko‘pchilik videoroliklar mobil qurilmalar (smartfon va planshet) orqali ko‘riladi. Chunki bunday variant qulay: videoni uyda ham, ko‘chada ko‘rish mumkin. Qolgan 30 foizi esa shaxsiy kompyuter va televizorlar orqalidir. 

YouTube’dagi seansning o‘rtacha davomiyligi

O‘rtacha foydalanuvchi bir o‘tirishda 40 daqiqa davomida YouTube’da video tomosha qilishadi.

YouTube’da eng ko‘p dislayk olgan video

Xoh ishoning, xoh ishonmang, YouTube’da eng ko‘p dislayk olgan video Google tomonidan tayyorlangan. YouTube Rewind seriyasiga kiruvchi ushbu rolik 2018-yilda chiqqan va shu kungacha 16 millionta dislayk olgan. Uni hamma ham yomon deb hisoblamaydi. Axir, video 2,6 millionta layk ham yiqqan. 

YouTube nechta tilga ega?

YouTube butun dunyoda mashhur. Ko‘proq foydalanuvchilarni jalb qilish uchun, YouTube 80 ta tilni qamrab olgan va internet-foydalanuvchilarning 95 foizini jalb qilgan. Servis 91 mamlakatda mavjud. 

Teglar