Adliya vazirligi deputatlikning odob qoidalarini eslatdi

  • 07:44 / 11.09.2019
  • 69

“Qonunchilikda deputatlarning odob qoidalariga qatʼiy rioya etishi belgilab qoʻyilgan. Ushbu qoidalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yoki mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritishidan qatʼi nazar, har bir deputatga taalluqli” – deyiladi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanalidagi xabarda.

Ushbu qoidalar deputatning oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida majburiy boʻlgan xulq-atvori, maʼnaviy va axloqiy prinsiplarini, shuningdek, xulq-atvor qoidalarini belgilaydi.

Masalan, mahalliy Kengash deputati oʻz maqomidan fuqarolarning, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazadigan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Xuddi shunday, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati ommaviy axborot vositalarida, matbuot konferensiyalarida, boshqa jamoat tadbirlaridagi chiqishlarida, omma oldidagi bayonotlarida davlat organlari va boshqa organlarning, tashkilotlarning, mansabdor shaxslarning va fuqarolarning faoliyatini sharhlaganda oʻz nutqida ularning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan qoʻpol, haqoratomuz ibora va soʻzlarni qoʻllashga, asossiz ayblovlarga yoʻl qoʻyishga, bila turib yolgʻon va notoʻgʻri axborotdan foydalanishga, qonunga xilof xatti-harakatlarga daʼvat etishga haqli emas.

Agar deputatning omma oldidagi bayonotlarida fuqarolarning shaʼni hamda qadr-qimmatini kamsitadigan fikrlar mavjud boʻlsa, deputat oʻz fikrlarining yanglishligi yoki notoʻgʻriligini oshkora tan olishi hamda shaʼni, qadr-qimmatiga va ishchanlik obroʻsiga daxl qilingan fuqarodan, agar qonun hujjatlarida boshqa oqibatlar nazarda tutilmagan boʻlsa, kechirim soʻrashi shart.

Deputatlik odobi buzilgan taqdirda deputatning xulq-atvori toʻgʻrisidagi masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi.