Adliya vazirligi: Har bir hujjatning zamirida o‘z yechimini kutayotgan muammo yotadi

  • 14:59 / 12.09.2019
  • 40

Bugun Adliya vazirligida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida mutassadilar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib  o‘tdi. Bu haqida Xabardor.uz muxbiri xabar bermoqda.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilish davomida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va xo‘jalik birlashmalari (tashkilotlar) tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga kiritilayotgan hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda va tashabbuskor tashkilotning Yuridik xizmati tomonidan loyihani birinchi navbatda huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli xato va kamchiliklarning sabablari va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida to‘xtalib o‘tildi. 

“Ushbu islohotlarning to‘la-to‘kis amalga oshirilishi har tomonlama puxta va sifatli hujjatlarni ishlab chiqishni taqozo etadi. Zero, har bir hujjatning zamirida o‘z yechimini kutayotgan muammo yotadi”, -  dedi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mas’ul xodimi Akbarjon Radjapov.

Shunga ko‘ra, hujjatlarni sifatli, puxta hamda o‘z muddatida ishlab chiqishda har bir vazirlik va idoraning mutaxassis xodimidan tortib, birinchi rahbarigacha katta mas’uliyat va javobgarlikni talab etadi.

Adliya vazirligiga kelib tushgan hujjatlarning loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq taqdim etilganda huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, huquqiy xulosa bilan imzo qo‘yiladi. Loyihaga berilgan huquqiy xulosalar 4 xil mazmunda bo‘ladi.

Agar loyiha Reglament talablariga muvofiq taqdim etilmagan bo‘lsa, huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmasdan loyihaning ishlab chiqilishidan tortib, uning Vazirlar mahkamasiga kiritgungacha bo‘lgan Reglament talablari bajarilishi yuzasidan tushuntirish mazmunidagi xat yuboriladi.

Qisqacha statistikaga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak:

2018-yil davomida Adliya vazirligining Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasiga 1477 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari kelib tushgan. Shundan:

-  huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari 1076 ta;

-  rozilik imzosi qo‘yilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari 980 ta;

-  e’tirozlarsiz imzo qo‘yilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari 195 ta;

-  e’tirozlar bilan rozilik imzosi qo‘yilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari 785 ta;

-  huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, rozilik imzosi qo‘yilmasdan e’tirozlar bilan (ya’ni loyiha taqdim etilgan tahrirda qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb topilib) qaytarilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari 96 ta;

Reglament talablariga muvofiq taqdim etilmaganligi sababli, ekspertizadan o‘tkazilmasdan qaytarilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari 401 tani tashkil qiladi.