Adliya vazirligi: So‘nggi uch yilda NNT’lar soni 10 mingdan oshdi

  • 10:48 / 08.11.2019
  • 107

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

Adliya vazirligi tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda OAV va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan press-brifing o‘tkazildi. Bu haqida Adliya vazirligi Xabardor.uz’ga ma’lum qildi.

Press-brifingda sohada qabul qilingan qonun hujjatlari tushuntirilib, 2019-yil fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligi hamda fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirish bo‘yicha sezilarli islohotlar amalga oshirilayotganligi e’tirof etildi.

Press-brifingda bugungi kunda respublikada turli sohalarda 10462 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari va 2200 dan ortiq diniy tashkilotlar va 2000 ga yaqin OAV faoliyat ko‘rsatib kelayotgani aytildi. 

Shuningdek, oxirgi yillarda qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlarga ko‘ra NNT’larga adliya organlari bilan bog‘liq barcha xizmat va aloqalarni elektron shaklda amalga oshirish imkonini beruvchi E-ngo.uz sayti sinov rejimida ishga tushirilganligi aytildi. 

Brifingda so‘nggi uch yil ichida NNT’lar soni sezilarli o‘sganligi, xususan 1991-yilda ular soni 100 ta bo‘lgan holda 2017-yil – 8 700 ta, 2018-yilda – 9 235 ta, 2019-yil 1-yanvar holatiga 9 860 ta hamda 2019- yil 1-oktabr holatiga 10 462 ta NNT ro‘yxatidan o‘tkazilganligi ma’lum qilindi. 

Xabardor.uz