Afg‘oniston – bu xalqaro nizomi yoki global “oʻyinchi”lar faol ishtirokidagi mintaqaviy mojaromi? – TIV rahbari Abdulaziz Komilov bilan suhbat

  • 14:02 / 01.03.2020
  • 317

Joriy yilning 29-fevralida Qatar poytaxti Doha shahrida AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida uzoq kutilgan va afgʻon xalqi uchun umummilliy yarashuv jarayonini boshlashi mumkin boʻlgan “tinchlik kelishuvi” imzolandi.

“Xalq so‘zi” nashri Afgʻoniston muammosini siyosiy yoʻl bilan hal etishning asosiy jihatlari xususida Oʻzbekistonning qarashlari va respublikaning mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qoʻshayotgan hissasi haqida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan suhbatlashdi.

Nashr muxbiri tomonidan TIV rahbariga berilgan Afgʻonistondagi mojaroning mohiyati va umuman olganda, bu mamlakatda qanday jarayonlar yuz berayotganligiga oid savoliga Abdulaziz Komilov, jumladan shunday javob berdi.

– Siz juda muhim savolni berdingiz. Inqirozning mohiyatini tushunmasdan, uni hal qilishning samarali strategiyasini ishlab chiqish mumkin emas. Afgʻonistondagi mojaro 40 yil mobaynida jiddiy oʻzgarishlarga uchradi. Bugungi kundagi vaziyat qurolli qarama-qarshilikning dastlabki bosqichidan tubdan farq qiladi. Bu rad qilib boʻlmaydigan haqiqatdir.

Hozirgi bosqichda u yerda qanday jarayonlar sodir boʻlayotganini aniqlash muhim edi. Bu fuqarolar urushimi yoki hukumatning terrorchilarga qarshi kurashimi? Bu xalqaro nizomi yoki global “oʻyinchi”lar faol ishtirokidagi mintaqaviy mojaromi? Yoki ushbu muammo Afgʻonistonning giyohvand moddalar, qurol-aslaha va odamlar savdosining toʻsiqsiz, transʼhududiy “ochiq zonasi”ga va xalqaro terrorchilik tashkilotlari uchun “qulay makonga” aylantirilganligi bilan izohlanadimi?

Hozirgi kunda ushbu savollarga oddiy va aniq javob mavjud emas. Afgʻoniston mojarosi yuqorida qayd etilganidek, barcha jarayonni oʻzida mujassam etib, ichki, mintaqaviy va xalqaro muammolar bir-biri bilan chambarchas bogʻlanib ketgan chigal va yechilishi qiyin boʻlgan murakkab qarama-qarshiliklardan iborat kalavaga aylandi.