Afg‘onistonda tarixiy saroydan kasalxona sifatida foydalanilmoqda

  • 10:26 / 20.04.2020
  • 281

Afg‘oniston hukumati koronavirus bilan kasallanganlarni davolash maqsadida 100 yil oldin qurilgan “Dorul omon” saroyidan foydalanishga qaror qildi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Ferozuddin Feroz ma’lum qildi, deb xabar bermoqda TOLO news.

Qayd etilishicha, Kobuldagi tarixiy saroy 200 o‘rinli shifoxonaga aylantirilgan.

Ferozning ta’kidlashicha, ushbu shifoxonada kasallikning yengil simptomlari bilan og‘rigan bemorlar davolanadi.

Afg‘oniston hukumati sog‘liqni saqlash vazirligiga 15 million dollar ajratgan. Shuningdek, Jahon banki tomonidan 100 million dollar mablag‘ ajratish va’da qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, “Dorul omon” saroyi 1920-yillarda Germaniya va Fransiya me’morlari tomonidan qurilgan. 

Yuz yillik tarixi davomida saroy Kobul hokimligi, mudofaa vazirligi va milliy muzey sifatida foydalanilgan.

Ayni payt mamlakatda 933 kishi koronavirus bilan kasallangan. 112 kishi butkul sog‘aygan.