Agentlik direktoriga oʻrinbosar tayinlandi

  • 10:20 / 08.10.2019
  • 194

Hukumat qarori bilan Bosit Baxtiyarovich Taxirov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktorining oʻrinbosari etib tayinlandi.

Eslatib oʻtamiz, mazkur Agentlik 2019-yil 9-sentabrdagi Prezident Farmoni bilan tashkil etilgan.

Va quyidagilar Agentlikning idoraviy boʻysunuviga oʻtkazilgandi: 

Prezident maktablari; 

ijod maktablari; 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati va Abu Ali Ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati.
Shunga koʻra, Agentlik Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. 

Agentlikka Bosh vazir taqdimnomasiga koʻra Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun oʻrnatiladigan davlat taʼlim standartlari Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.