Aholi uchun uy-joylar qurish yangi tartibda amalga oshiriladi 

  • 10:42 / 23.11.2019
  • 122

O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashda yangicha tizim joriy etiladi. Bu 22-noyabr kuni mamlakat Prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektorda aytildi.

Yig‘ilishda uy-joy qurishning quyidagi tartiblari belgilab berildi: 

Yangi tartib asosida 13 ming 750 ta kvartirali uy quriladi

– Birinchidan, tadbirkorlik subyektlari o‘z mablag‘i va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan Toshkent va boshqa shaharlarda yangi tartib asosida 13 ming 750 ta kvartirali turar joy qurilishini amalga oshiradi. Bunday imorat va majmualar loyihasi ham tadbirkorlar tomonidan mustaqil tayyorlanadi; 

Yer auksion orqali ajratiladi

– Ikkinchidan, uy-joy qurish uchun yer maydonlari auksion orqali ajratiladi. Ularni suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash, avtomobil yo‘llari qurish tadbirkorlik subyektlari hamda respublika va mahalliy budjet mablag‘laridan moliyalashtiriladi; 

Ipoteka krediti bo‘yicha qariyb 3 trillion so‘m  davlat resurslari ajratiladi 

– Uchinchidan, banklar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi uchun Moliya vazirligi endilikda uylarni xarid qilishga ipoteka krediti bo‘yicha qariyb 3 trillion so‘mga yaqin davlat resurslarini auksion asosida banklarga ajratadi.  
Bundan tashqari, ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tashkil etilib, unga Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari jalb qilinadi, ushbu mablag‘lar ham yangi qurilgan uy-joylarni sotib olishga ipoteka krediti ajratish uchun banklarga qo‘shimcha resurs sifatida joylashtiriladi;  

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimi joriy etiladi

– To‘rtinchidan, aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi, eng muhimi, aniq manzilli tizim joriy etiladi. Buning uchun shaharlarda 10 ming 800 ta ehtiyojmand oilaga uyning boshlang‘ich badali va kredit foiz xarajatlarini to‘lashi uchun budjetdan subsidiya ajratiladi. Ushbu subsidiyalar orqali Toshkent shahrida 12 foiz, boshqa hududlarda 10 foizdan yuqori kredit foizlari hamda boshlang‘ich badali qoplab beriladi. 

Shuningdek, yig‘ilishda mutasaddi vazirlik va tashkilotlar rahbarlariga yangi tartibda quriladigan uy-joylar uchun yer maydonlarini tanlab, auksionga chiqarish, kreditning yuqori chegarasini hisoblash uchun uylarning bozor qiymati asosidagi o‘rtacha narxini belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Yangi uylar shahar markaziga yaqin joyda quriladi

Ta’kidlanganidek, endi qishloqlarda uy-joylar yo‘l bo‘ylarida bir qator qilib emas, shahar va tuman markazlariga tutash hududlarda mavzelar shaklida quriladi. Buning natijasida kelgusida tumanlarni yirik aglomeratsiyaga aylantirish mumkin. Bu esa infratuzilma xarajatini kamaytiradi, aholining iqtisodiy faolligini oshiradi, yerlardan samarali foydalanish imkonini beradi.

Prezident tanish-bilishchilikka barham berish kerakligini aytdi


Prezident uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal va ipoteka krediti foizini qisman qoplash masalasida tanish-bilishchilik va boshqa suiiste’molchilik holatlariga barham berish kerakligini aytdi.

Subsidiya uchun 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi

Subsidiya uchun kelgusi yil budjetidan 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi va umuman olganda 16 mingta oilaning shahar va qishloqlarda uy-joylar sotib olishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatinini shakllantirishda fuqarolar ishtirok etishi mumkin

Aholi subsidiya olish uchun talaygina hujjatlar to‘plab, qator idoralarda sarson bo‘lib yurish hollariga chek qo‘yiladi. Endi arizalar Iqtisodiyot va sanoat vazirligining hududiy boshqarmalarida tashkil etilgan doimiy komissiyalarda ko‘rib chiqiladi va kam ta’minlangan oilalarning manzilli ro‘yxati shakllantiriladi.

Ushbu komissiyalar tarkibida bank, moliya, soliq, mehnat, mahalla va boshqa idoralar vakillari bo‘ladi. Bundan tashqari, komissiya yig‘ilishida istagan fuqaro ishtirok etib, o‘z fikrini bildirishi mumkin bo‘ladi. Qolaversa, subsidiya berish masalasi keng jamoatchilik bilan muhokama qilinishi lozim bo‘ladi.

Hokimlar subsidiya to‘lash mezorlarini tajribadan o‘tkazadi

Har bir viloyat hokimligi 2020-yilda uy-joy sotib olish uchun kam ta’minlangan oilalarni aniqlash, ularga navbat bilan subsidiya to‘lash tartibi va mezonlarini ishlab chiqib, o‘z hududlarida ijobiy tajriba joriy etishlari zarurligi ta’kidlandi.

Boshlang‘ich badal yig‘ilmaguncha qurilish moliyalashtirilmaydi

Kelasi yilda “O‘zshahar qurilish invest” hamda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyalari amaldagi tizim asosida shaharlarda 4 ming 250 ta va qishloq joylarida 8 mingta uy-joy qurilishini davom ettiradi. Tayyor uylar uzoq vaqt davomida sotilmay turishi hollarining oldini olish maqsadida shaharlarda qurilishni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi. Endi turarjoylarga talabgorlar ro‘yxati shakllantirilib, boshlang‘ich badal yig‘ilmaguncha qurilishga moliyalashtirish ochilmaydi.

Innovatsion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarur 

Banklar 2020-yilda amaldagi tizim bo‘yicha shaharlarda quriladigan uy-joylarning xaridorini aniqlagan holda, qurilishni mijozga ajratiladigan ipoteka krediti hisobidan moliyalashtirish tizimini joriy etadigan bo‘ldi.
Shuningdek, yig‘ilishda Uylar narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Uy-joy qurilishi 2020-yil 1-martda boshlanishi kerak

Hokimliklarga shahar va qishloqlarda uy-joylar uchun yer ajratish, pudratchilarni aniqlash ishlarini yakunlab, qurilishni 2020-yil 1-martga qadar boshlanishini ta’minlash yuklatildi.

“Uy-joy siyosatida yangi tizimga o‘tayapmiz. Bu jarayonda har bir hudud rahbari zimmasiga mas’uliyat va javobgarlikni olib, yangi tizim bo‘yicha turar joy qurishda o‘z tajribasini yaratishi shart. Endi hokimlardan qurilgan uylar soni emas, qurilishga nechta salohiyatli tadbirkorlar jalb qilingani, ularga qancha yer ajratilgani, infratuzilma tarmoqlari yaratilgani, uylar sifati va nechta odamni rozi qilgani so‘raladi”, dedi Prezident. 

Shuningdek, uy-joylarni qurish va realizatsiya qilish bo‘yicha respublika komissiyasi joylarga chiqqan holda, qurilish ishlarini nazoratga olishi zarurligi ta’kidlandi.

Mulk egasi rozi bo‘lmaguncha birorta ko‘chmas mulk buzilishi mumkin emas

Hokimlar eski bino va inshootlarni buzish hisobiga bo‘shagan joylarda uy qurish masalasiga alohida e’tibor berishi shartligi, kompensatsiya pullari to‘lanib, mulk egalari rozi bo‘lmaguncha birorta ko‘chmas mulk buzilishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

OAV bilan muloqotda kibrga berilmaslik uqtirildi

Davlat idoralari rahbarlari nafaqat o‘zining, balki davlatning ham sha’nini saqlashga mas’ul ekani, xalq bilan, ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda kibrga berilmay, vazmin va oqilona, qonunga asoslangan qaror qabul qilishi shartligi ta’kidlandi.