“Ajoyib Xitoy, rang barang Oʻzbekiston” haftaligiga start berildi 

  • 09:37 / 11.09.2019
  • 127

Foto: O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TURIZMNI RIVOJLANTIRISH DAVLAT QO‘MITASI

Joriy yilning 10-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi XXRning Oʻzbekistondagi elchixonasi, XXR madaniyat va turizm vazirligi tomonidan “Ajoyib Xitoy, rang barang Oʻzbekiston” haftaligiga start berildi. Bu haqida qo‘mita rasmiy sayti xabar bermoqda.

Haftalik davomida 20-sentyabrga qadar Toshkent va Samarqand shaharlarida turli madaniy va turizm tadbirlari boʻlib oʻtadi. Jumladan, 10-sentyabr kuni Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida Oʻzbekiston va XXR turistik salohiyati taqdimoti oʻtkazildi. Tadbir doirasida Oʻzbekiston, Xitoy hamda Qozogʻiston turoperatorlari ishtirokida V2V uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi. Tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov hamda XXR madaniyat va turizm vazirligining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Van Shulin ishtirok etishdi. 

Abdulaziz Aqqulov tadbirni ochib berar ekan soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hukumati tomonidan mamlakatda turizmni rivolantirish yoʻlida 50 dan ortiq normativ hujjatning qabul qilingani haqida soʻzlab, ular haqida atroflicha maʼlumot berdi. XXR madaniyat va turizm vazirligining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Van Shulin xonim tadbirlardan maqsad Oʻzbekiston, Xitoy va Qozogʻiston turistik soha vakillari saʼy-harakatlarini birlashtirib, mamlakatlardagi turistik xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish, xavfsizlikni taʼminlash va sohada professional kadrlarni tayyorlashdan iborat ekanini taʼkidladi. 

Tadbir doirasida dastlab Xitoy, soʻngra Oʻzbekistonning turistik salohiyatini namoyish etuvchi videoroliklar namoyish etildi. 

Shundan soʻng ikki mamlakat turoperatorlarining taqdimotlari oʻtkazildi. Xitoyning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan turoperatorlar mamlakatlararo qoʻshma turlarni tashkil etish, Xitoydan Qozogʻiston hamda Oʻzbekistonga mustaqil ravishda avtomobilda sayr qilishga oid tashabbuslar bildirildi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi ekskursiyachi hamda gidlar faoliyatiga qiziqish yuqori bo‘ldi. 

“Ajoyib Xitoy, rang barang Oʻzbekiston” haftaligi doirasida 11-sentyabr kuni “Le Grand de Plaza” mehmonxonasida mahalliy mutaxassislar uchun Xitoyning turistik zonalarni tasniflovchi eksperti tomonidan mahorat darsi oʻtkaziladi. 12-sentyabrda esa “Ipak yoʻli” tibbiyot uskunalari koʻrgazmasining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Tadbir doirasida yurak-qon tomir kasalliklaridan jabrlanuvchi mahalliy aholi vakillari hamda mehmonlar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Shuningdek, haftalik davomida xitoy liboslari koʻrgazmalari, xitoy suvenirlarining xayriya sotuvlari, musiqiy dasturlar tashkil etilib, xitoy rangli chiroqlar installyatsiyasi oʻrnatiladi.