“Al-Aqso masjidini qoʻriqlayotgan soʻnggi Usmonli askari bugun vafot etdi” – Kapral Hassan haqida hikoya

  • 14:34 / 22.09.2019
  • 1911

 

1972-yilda Quddus atrofiga sayohat qilgan turk jurnalisti muqaddas Al-Aqso masjidining kiraverishida forma kiygan bir cholni uchratdi. Maʼlum boʻlishicha, u harbiy xizmati allaqachon tugagani va hatto, qoʻmondoni vafot etib ketganiga qaramay oʻz vazifasida sodiq qolgan harbiy edi. 

1972-yilda turk jurnalisti Ilhan Bardakchi va uning doʻsti Said Terzioglu Quddusga tashrif buyurishdi. Sayyohlar boshqa diqqatga sazovor joylar qatorida taniqli Al-Aqso masjidini ham ziyorat qilish uchun boradilar. Ular zinapoyada keng oq soqolli, uzun boʻyli cholga duch kelishdi. Sayyohlari o‘zlari bilan yurgan yoʻlboshchidan uning kimligi soʻraganida, u tayinli javob berolmadi. Ammo uning aytishicha, esini taniganidan beri har doim bu cholni Al-Aqsoda va aynan shu yerda koʻrgan.

Shunda Bardakchi qariya bilan salomlashishga qaror qildi va uning kimligini soʻradi. Chol uning salomiga javoban shunday dedi: “Men kapral Hassanman, Usmonli qoʻshini 20-korpus 36-bataloni 8-guruh 20-pulemyot vzvodining o‘nboshisiman”.

Maʼlum boʻlishicha, uning boʻlinmasi janglarning birida magʻlubiyatga uchraganidan soʻng ortga chekinadi va inglizlar Quddusni egallab olishadi. Shunda u va boshqa bir qancha askarlar qoʻshin ortini himoya qilish uchun shaharda qoldirilgan. Bosqinchilar aholining gʻazabini qoʻzgʻatmaslik uchun kichik guruhdan iborat askarlarga tegmaslikka qaror qilishdi. Usmonli qoʻshinining har jabhada orqaga chekinishi haqida xabar kelganida 20-pulemyot vzvodi ham Istanbulga chekinishi kerak edi. Ammo kapral Hassan qoʻl ostidagilarga ziyoratgohini himoya qilishni davom ettirishni buyurdi: “Agar Usmoniylar birinchi qibladan voz kechsa, bu raqib tomon uchun bayram boʻladi!”

Yillar oʻtib Hassanning barcha quroldosh doʻstlari vafot etdilar. U umrining oxirigacha masjidni qoʻriqlagan va 93 yoshida omonatini topshirgan oxirgi Usmonli ofitser bo‘lib qoldi.

Nihoyat chol tilga kirib, jurnalistdan ushbu xizmat haqida oʻz boshligʻiga yetkazib qoʻyishini soʻradi: “Agar siz Onadoʻliga yetib borsangiz va yoʻlingiz Tokat tomonga tushsa, u holda meni Al-Aqsoda qoldirgan leytenant Mustafoning oldiga boring va unga aytingki, “Quddusni qoʻriqlayotgan 20-pulemyot vzvodining o‘nboshisi Igdirlik Hassan hamon oʻz xizmat joyida. U o‘z postini tark etmadi, oʻz xizmatini mukammal tartibda ado etyapti va sizning duolaringizdan umidvor”.

Sayohatdan qaytgan Bardakchi haqiqatan ham Tokatga bordi, ammo leytenant Mustafo uzoq yillar oldin vafot etgandi. Bu voqeadan 10 yil oʻtgach, 1982-yilda unga Quddusdan telegramma keldi: “Al-Aqso masjidini qoʻriqlayotgan soʻnggi Usmonli askari bugun vafot etdi”.

Elbek BOYMURADOV tayyorladi