“Amazon” rahbari Jeff Bezosning 5 hayotiy qoidasi

  • 14:07 / 12.09.2019
  • 630

Sizga yoqadimi, yo‘qmi – uning biznesdagi muvaffaqiyatlarini inkor qilib bo‘lmaydi. Yaqinda u “Forbes”ning milliarderlari ro‘yxatidan beshinchi pog‘onani egalladi – Bezosning mol-mulki 45,3 mlrd. ga baholandi. Bu mashhur tadbirkor ish faoliyatidan tashqari nimalar bilan shug‘ullanadi? Onlayn-monopoliyachi bo‘lishdan tashqari uning boshqa qiziqish va xobbilari ham bormi? O‘ta muvaffaqiyatli bu odamdan nimalarni o‘rganish mumkin? 

1.  U ko‘p uxlaydi

Sutkasiga to‘rt soat uxlaydigan boshqa rahbarlardan farqli ravishda Bezos “Wall Street Journal”ga bergan intervyusida uyquning muhimligi haqida gapirgan edi. U har tun sakkiz soat uxlaydi va uyquni stress hamda zo‘riqishga qarshi yaxshi vosita deb hisoblaydi. Aytishlaricha, u eng qiyin kunlarda ozroq mudrab olish uchun ofisga “uyqu qopi”ni olib kelib qo‘ygan ekan. Bundan tashqari, Bezos “budilnik”dan foydalanmaydi: uning fikricha, tabiiy uyg‘ongan yaxshiroq. Uyqu bo‘yicha tadqiqotchilar ham u bilan hamfikr. 

2.  Uning ajabtovur xobbilari bor

Bu shunchalar hashamatli, qimmat va noyob ko‘ngilxushlikki, u bilan faqat Bezos shug‘ullanadi. 
U imkoni bo‘lishi bilanoq, okeandan NASA kosmik kemalarini izlaydi. Raketaning katta qismi parvoz vaqtida kosmik shattllaridan ajraladi va bu jarayon xavfsizlik yuzasidan okean ustida amalga oshiriladi. Bezos bir nechta jamoa bilan suv osti kemalarida tarixiy artefaktlarni dengiz tubidan chiqarish ustida ishlaydi. U shunday raketalardan biri uchun uch hafta vaqt sarflagan. 

3.  O‘zi uchun yangidan-yangi loyihalar o‘ylab topadi

Faqatgina “Amazon”ni boshqarish Bezos uchun yetarli emas, shuning uchun u endilikda yangi tashkilotlarni egallashga kirishgan. U Amerikadagi eng obro‘li “The Washington Post” gazetasini sotib oldi. Hozircha u yerda sahifalarning yuklanish tezligidan boshqa narsani o‘zgartirgani yo‘q.  2000-yilda, Ilon Maskdan oldin, Bezos “Blue Origin” kosmik kompaniyasiga asos solgan edi. Uning maqsadi – har bir odamga kosmosda bo‘lish imkonini berish. U shuningdek, dronlardan foydalanish orqali “Amazon” tovarlarining buyurtmachilarga jo‘natilishini yanada soddalashtirmoqchi. Albatta, hukumat ruxsat bersa. 

4.  Ertalablari xayoliga kelgan ishlarni qiladi

Qaror qabul qilishga quvvatini sarflamaslik uchun nonushtaga har doim bir xil narsa iste’mol qilgan Stiv Jobsdan farqli o‘laroq, Bezos yangi taassurotlar qidiradi. Aytishlaricha, bir kuni u nonushtaga dudlangan cho‘chqa go‘shti bilan sakkizoyoq va sarimsoqli yogurt buyurtma qilgan. Qizig‘i shundaki, Bezos buni boshqa bir rahbarning ta’bini yaxshiroq anglash uchun qilgan va keyinchalik shu odamning kompaniyasini sotib olgan.
Bezos – qat’iy grafik tarafdori emas, u ertalablari majlislar chaqirmaydi va vaqtni yaqinlari bilan o‘tkazishni ma’qul ko‘radi. 
 
5.  Oilasiga vaqt ajratadi

Yaqin vaqtlargacha, Bezosning biologik otasi uning tirikligidan bexabar edi. Ammo Bezosning o‘zi yaxshi ota bo‘lishga harakat qiladi va oilani birinchi o‘ringa qo‘yadi. Uning oilasi xuddi Ilon Maskniki singari katta. Qayd etib o‘tganimizdek, Bezos nonushtani oilasi bilan qilishga harakat qiladi, kun tartibi tig‘iz bo‘lsa-da, bolalarini turli joylarga olib borishga vaqt topadi. 

Umumiy qilib shuni aytish mumkinki, Bezos nima xohlasa, shuni qiladi. Ammo undan olish mumkin bo‘lgan eng yaxshi dars – kun tartibini tuzishda oila va sog‘liqni biznesdan ustun qo‘yishdir. Siz nima deysiz?

Teglar