Amerikaliklar BMTdan hukumatning qora tanlilarga munosabati muhokamasini talab qilmoqda

  • 11:51 / 10.06.2020
  • 759

BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasi atrofida namoyishchilar olomoni yig‘ilgan. Ular tashkilot a’zolaridan AQShning qora tanlilarga munosabati muhokamasini talab qilishmoqda, deya xabar beradi RIA Novosti.

Faollar dunyodagi har bir davlat mamlakatning qora tanli aholisiga munosabati va Amerika politsiyasining irqiy yondashuviga tanqidiy chiqishlarini, BMT doirasida AQSh hukumatini aniq choralar ko‘rishga majburlovchi rezolyutsiya qabul qilinishini talab qilmoqda.  Namoyishchilarning ayrimlari esa politsiyani tarqatib yuborib, ularga ajratiladigan mablag‘ni ijtimoiy ehtiyojlarga yo‘naltirishga chaqirmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, politsiyachilar “odamlarning asabini qo‘zg‘aydi”.  

Avvalroq BMTning kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan shaxslar huquqlari bo‘yicha ekspertlardan iborat ishchi guruhi AQSh hukumatiga qora tanli amerikalik Jorj Floydning o‘limi bilan bog‘liq taxminiy qoidabuzarliklar izohlangan xat yo‘llagan edi. Odatda BMTning maxsus ma’ruzachisi hukumatlarga ehtimoliy buzilishlar va undan ko‘zlangan maqsadni asoslash hamda tergov haqida hisobot so‘rab xat yo‘llaydi. 
 
Mana bir necha kundirki AQShning o‘nlab shaharlarida va dunyoning boshqa mamlakatlarida Jorj Floyd o‘limiga sabab bo‘lgan voqealar munosabati bilan namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘p hollarda namoyishlar tartibsizliklar, politsiya bilan to‘qnashuv, o‘g‘irlik, talonchilik bilan yakunlanmoqda.