Amerikaliklar koronavirus sabab Xitoyni sudga bera boshlashdi

  • 10:07 / 11.05.2020
  • 349

O‘nlab amerikaliklar va AQShning bir nechta kompaniyalari koronavirusning tarqalishida asosiy aybdor sifatida Xitoyni sudga berishga urinyapti, deya xabar qilmoqda Associated Press.
 
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda bu masala yuzasidan kamida to‘qqizta sud ishi qo‘zg‘atilgan. Ularda da’vo qilinishicha, Xitoy ma’murlari virusni dastlabki bosqichlardayoq bartaraf etishga harakat qilmay, Uxandagi haqiqiy ahvolni yashirib kelgan.
 
Ta’kidlanishicha, da’vogarlar AQSh qonunchiligidagi cheklov, ya’ni boshqa davlatlarga qarshi qaratilgan sud ishlari taqiqini chetlab o‘tishga majbur bo‘lgan. Bu kabi istisno holatlar AQShning biznes faoliyati, mamlakatdagi noqonuniy xatti-harakatlar va chet el tashkiloti tomonidan hukumat talablarining qasddan e’tiborsiz qoldirilganda qo‘llaniladi.
 
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShning Missuri shtati koronavirus sabab Xitoyni sudga bergani haqida xabar bergandik.