Amsterdam aeroportida sun'iy adirliklar yordamida shovqinga qarshi to‘siq o‘rnatildi

  • 18:28 / 02.03.2019
  • 2453

Har qanday aeroport – shovqinli ifloslanish manbaidir. Agar bu Yevropadagi yirik aeroportlardan biri bo‘lsa, u holda yaqin atrofda joylashgan aholi punktlarini himoya qilish yanada murakkab vazifaga aylanadi. Amsterdamdagi balandlikka ko‘tarilayotgan va qo‘nayotgan samolyotlar shovqini 20 kilometrgacha bo‘lgan masofaga tarqalardi. Albatta, bu poytaxt tumanlari aholisi uchun bir qancha noqulayliklar keltirib chiqarardi. Yana bir uchish-qo‘nish yo‘lagi ochilgach, vaziyat yanada yomonlashdi. Omadni qarangki, muhandislar qulay yechimni topishga muvaffaq bo‘lishdi.

Niderlandiyaning asosiy aeroporti Sxipxol Amsterdam chekkasida joylashgan va yo‘lovchi oqimi va yuk tashuvlari hajmi bo‘yicha Yevropaning eng yirik aeroportlari beshtaligiga kiradi. Har kuni bu yerda 1000 dan ortiq samolyotlar uchib-qo‘nadi. Pastlikda joylashgan Sxipxol atrofida tabiiy adirlar va shovqinni pasaytiruvchi tabiiy obektlar mavjud emas. Bu muammoni hal etish uchun aeroport rahbariyati muhandis, arxitektor va dizaynerlar jamoasiga murojaat qildi. Ularning hamkorlikdagi ishi natijasida aeroport janubi-sharqida g‘aroyib bog‘ qurildi.

Balandligi 2 metrli sun'iy adirlar qatori uchish-qo‘nish yo‘lakchasidan keladigan shovqinni bosishga moslab joylashtirildi. Muhandislar shovqinni samarali yutishi uchun adirlar o‘rtasidagi maqbul masofani hisoblab chiqishdi. Ular orasidagi masofa 10 metrga teng bo‘ldi, jami ana shunday 150 ta to‘siq o‘rnatildi. Bundan tashqari, uzoq masofalarga tarqaladigan shovqinga qarshi kurashish uchun bir necha suv kanallari qurildi.

Sun'iy adirlik va kanalli g‘aroyib maydoncha bog‘ ko‘rinishida jihozlandi va unga “Byutenshot” nomi berildi. Bu yerda piyodalar va velosiped uchun yo‘lakchalar bor, daraxtlar ekilgan. Biroq eng muhimi, ana shu bog‘ yordamida shahar chekkasi aholisining asosiy muammosini hal qilish va shovqinli ifloslanish darajasini ikki marta kamaytirishga erishildi.