Anchadan beri qidirilayotgan Eldorado topildi

  • 13:51 / 04.11.2019
  • 882

Anchadan beri qidirilayotgan, afsonalarga aylanib ketgan Eldorado shahrini Kolumbiya tog‘larining o‘tish qiyin, ertaklarda aytilganidek, “odam yursa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadigan” manzilidan topishdi. Syerra-Nevada-de-Santa-Marta tog‘ tizmasidan topilgan bu xaroba o‘sha afsonaviy oltin shahar Eldorado bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda.  

Ispan bosqini davrida tashlab ketilgan

Newsweek xabariga asoslangan unian.net portalining yozishicha, topilgan shahar eramizdan oldingi 800-yillarda gullab yashnagan va ispan bosqini davrida tashlab ketilgan, deb taxmin qilinmoqda. 

Manzil devor ortini ko‘ruvchi moslama yordamida aniqlangan

“20 yil mobaynida bu hududni o‘rgangan National Geographic tadqiqotchisi Albert Lin va  arxeolog Santyago Giraldo bu qadimiy shaharni LIDAR deb nomlanuvchi (devor ortini ham ko‘ruvchi moslama) yordamida aniqlagan. Aks holda tog‘ tizmasining 1 ming 500 metr balandligida, qalin va zich o‘rmon bag‘rida qolib ketgan bu joyni aniqlashning mutlaqo imkoni bo‘lmasdi”, deyiladi xabarda. 

Ispanlarga Eldoradoni topish nasib etmagan

Tadqiqotchilarning aytishicha, bu xarobalar bir paytlar Syerra-Nevada tog‘lari va Karib qirg‘oqlarining ma’lum qismida mavjud bo‘lgan Tayron sivilizatsiyasi davriga tegishli bo‘lishi mumkin. Tayron haqida ma’lumotlar juda kam. Biroq uning borligi haqida ispan iste’lochilari yozib qoldirgan. Aynan ana shu hujjat “oltin Eldorado” haqidagi afsonalarning yuzaga chiqishiga sabab bo‘lgan. O‘sha hujjatlarda yerlik aholida  oltindan yasalgan buyumlarning nihoyatda ko‘pligi qayd etilgan, biroq, ispanlarga Eldoradoni topish nasib etmagan.