Andijonda fuqaro IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilmoqda

  • 16:39 / 14.09.2021
  • 182

Ijtimoiy tarmoqlarda "Andijon shahrida avtomashinalar harakatlanish vaqtida taraflar o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Andijon shahar IIB 4-bo‘lim xodimlari tomonidan fuqarolar kaltaklangani, haqorat qilingani aytilmoqda" nomli videoxabar tarqaldi.

Unda aytilishicha, IIB 4-bo‘lim xodimlaridan birining haydovchisi fuqaroni kaltaklagan.

Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Xayot Shamsiddinovning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan joriy yilning 14-sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Ma’lumot uchun, IIBning mazkur bo‘limiga 2020-yilning may oyida fuqaro A.Abdukarimov keltirilgan va xodimlar tomonidan kaltaklanishi oqibatida 30-may kuni tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. Ammo fuqaro A.Abdukarimov shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan 11-iyun kuni vafot etgan edi.

Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov olib borib, 3 nafar ichki ishlar xodimlariga nisbatan ayb e’lon qilingani va “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabar bergan edi.