Andijonda maktabning yuqori sinf o‘quvchisi uch nafar tengdoshiga pichoq bilan tan jarohati yetkazdi

  • 09:37 / 23.09.2021
  • 128

Joriy yilning 22-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon shahar 2-maktabda yuqori sinflar o‘rtasida maktab ichida katta janjal bo‘lgani aytilmoqda” sarlavhasi bilan tarqalgan videoxabarlar yuzasidan rasmiy izoh berildi.

Mazkur holat bo‘yicha Andijon shahar IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Aniqlanishicha, shu kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialidan shahar IIBga 3 nafar fuqaro o‘tkir tig‘li predmetdan olingan jarohatlari sabab yotqizilgani haqida xabar kelib tushgan.

Ushbu holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida Andijon shahrida yashovchi M. ismli fuqaro joriy yil 22-sentyabr kuni soat 13:20 larda 2-sonli maktabi oldida 3 nafar tanishi bilan ko‘rishgan, shundan so‘ng gaplashib olish maqsadida Mangulik ko‘chasida joylashgan kafe yoniga borgan. U yerda o‘zaro kelishmovchilik sababli yigitlar o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Janjal vaqtida M. yonidagi yig‘ma pichoq bilan 3 nafar tengdoshiga jarohat yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.