Andijonda obodonlashtirish xodimlari endi “zamhokim”ning uyida ishlashdi. Holat yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi

  • 11:46 / 23.09.2021
  • 106

Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi muovini o‘z uyida obodonlashtirish ishchilarini majburan ishlatdi” mazmunida videolavha tarqaldi.

Andijon viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazilganini ma’lum qildi.

O‘rganishlar natijasida tuman hokimi o‘rinbosari Obodonlashtirish boshqarmasi ishchilarini soya donini quritish va tozalash ishlariga jalb qilgani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan hokim o‘rinbosariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 (ellik) barobari miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori Sardor Rejabbayev Andijon tumanida joylashgan uchastkasida tuman obodonlashtirish xodimlarini bahor oyidan kuzgacha ishga jalb qilgani aniqlangan va ushbu huquqbuzarligi uchun ishdan olingan edi.