Tadbirkorlik rivojiga toʻsqinlik qilayotgan omillar oʻrganildi

  • 16:29 / 13.08.2019
  • 386

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi katta inspektori Dilmurod Parpiyev e’lon qilgan maqolasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan kuchlar haqida ma’lumot berdi.

Tadbirkorlik rivoji uchun yirik sarmoyaning oʻzi kifoya qilmaydi. Yana bir qancha omillar – bozor va raqobatchilarni oʻrganish, hali hech kim oʻylab topmagan, amaliyotda sinab koʻrilmagan loyihani qoʻllash ham muhim. Zamonaviy iqtisodchilar bejiz “Barcha yoʻllar ichida eng qiyinini tanlang – siz shunda raqobatchilar bilan uchrashmaysiz”, deya maslahat berishmaydi.

Yuqoridagi qoidalarga amal qilib, oʻz biznesini kundan-kunga rivojlantirayotganlar koʻp. Ammo ular safidan tushib qolayotganlar ham oz emas. Andijon viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻrganilganida, tadbirkorlik subyektlari turli sabablar bilan faoliyatini toʻxtatganligi maʼlum boʻldi.

Muammo nimada?

Biznes uchun qulay muhit yaratilayotgani, yildan-yilga soliq yuki kamaytirilayotganiga qaramay, ular nima uchun bunday qarorga kelishgan? Nega ayrim tadbirkorlik subyektlari jar yoqasiga kelib qolgan? Muammo nimada?

Andijon viloyati davlat soliq xizmati xodimlari hududiy hokimlik vakillari bilan hamkorlikda oʻz faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlik subyektlari huzuriga borgan hold, ularning muammosini oʻrganmoqda. Yuzma-yuz muloqotlarda 409 ta tadbirkorlik subyekti aylanma mablagʻlarining yoʻqligi, bank kreditlariga ehtiyoji borligini aytdi. 14 tasi mol-mulki yoʻqligi, 49 tasi tadbirkorlikka malakasi yetishmasligi, 14 tasi kredit garoviga mulki yetishmasligi, 13 tasi taʼsischilari kelishmovchiligi, 10 tasi yeri kamligi, 14 tasi bino-inshootlari, 2 tasi dastgohi, 17 tasi esa xomashyo taʼminoti yoʻqligi, 14 tasi mahsulotga talab boʻlmayotganligi, 584 tasi boshqa sabablar tufayli faoliyatini toʻxtatgan.

Soliq xizmati – eng yaqin doʻst

Hech kim boshlagan ishini yarim yoʻlda qoldirib ketishni istamaydi. Hamma oldiga yuksak marralarni qoʻyadi. Kimdir oʻzi koʻzlagan choʻqqini zabt etadi. Kimdir esa... Agarda hamma ham birinchi urinishdayoq, barcha maqsadlariga erishganida edi, insondagi kurashuvchanlikning mohiyati oʻz-oʻzidan yoʻqolardi. Ming yillar davomida hayot chigʻiriqlaridan oʻtib kelayotgan bu haqiqat bevosita biznesga ham taalluqli. Oʻz faoliyatini toʻxtatishga qaror qilganlarga toʻgʻri maslahat berib, yana tadbirkorlikka qaytarish bugunning talabi.

Yaxshi soʻz – jon ozigʻi. U har qanday salbiy holatni boshidan kechirgan kishiga ruhiy madad boʻlish qudratiga ega. Soliq xodimlarining tadbirkorlikdan voz kechish arafasida turganlar bilan uchrashib, ular koʻngliga yoʻl topishi natijasida joriy yilning 7 oyi mobaynida 4329 ta yangi subyekt qaytadan “tugʻilib”, oʻz faoliyatlarini tikladi. Avgust oyining 10 kunida ular safiga yana 160 ta qoʻshildi.

Mujdaning qanoti bor deydilar. Viloyat hokimligi bilan birgalikda davlat soliq xizmati koʻrsatayotgan koʻmaklardan xabar topgan Qoʻrgʻontepa, Marhamat va Buloqboshi tumanidagi 69 ta yuridik shaxs faoliyatini tiklash istagini bildirdi. Hozirda ularning muammolarini hal qilish masalalari koʻrib chiqilmoqda.

– Yengilish har bir tadbirkorni ruhan sindiradi. Biznesdan butunlay koʻnglini sovutib yuborishi ham hech gap emas, – deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Muhammadmirzo Noʻmonov. – Bizning maqsadimiz, aynan shunday vaziyatga tushib qolganlarga faqat ruhiy dalda berishgina emas, balki ularning biznesiga toʻsiq boʻlgan muammolarni ham bartaraf etishdir. Oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, koʻplab tadbirkorlik subyektlarining bank kreditlariga ehtiyoji bor. Moddiy tomondan ozgina qoʻllab-quvvatlansa, ular qaddini tiklab, yirik korxonaga aylanishi muqarrar. Misol uchun, Baliqchi tumanidagi “Billur elegant qurilish” MCHJni aylanma mablagʻlarining yoʻqligi qiynab kelayotgandi. Ushbu korxonaga amaliy yordam koʻrsatilib, kredit olish uchun hujjatlari bankka taqdim etildi. Natijada nafaqat bir korxona, balki jamiyatda mehnat qilayotganlarning ham ish joyi saqlab qolindi. Endi mulohaza qilib koʻring, 4489 ta tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyatini tiklashi tufayli qanchadan-qancha kishining ishsizligi barham topdi.

Xulosa oʻrnida

Hayot tajribasi koʻplardan “Peshonasi devorga bir-ikki marta tegib, odam keyin yoʻlini topib oladi”, degan gapni bot-bot eshitib qolamiz. Hayot ana shunday sinovlari bilan har birimizning sabrimizni, matonatimizni imtihondan oʻtkazadi. Toʻgʻri yoʻlni tanlab olishimizda saboq vazifasini oʻtaydi.

Binobarin, faoliyatini qayta tiklaganlarning oʻrtada bir muddat toʻxtashiga sabab boʻlgan omillar endi tadbirkorlarni yangi kuch, gʻayrat va noodatiy loyihalar oʻylab topishga ilhomlantiribgina qolmay, muhimi, adashmasligi uchun mayoq vazifasini bajarib beradi ham.

P/s: Davlat soliq xizmati xodimlari targʻibot va tushuntirish ishlari bilan boʻlib, ehtimol, hali ulgurolmagan hududlarda turli sabablar bois faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlar bordir. Ular bemalol, oʻzi yashab turgan hududdagi inspeksiyalarga murojaat qilishlari mumkin. Soliq xodimlari bu masala yuzasidan qonun doirasidagi har qanday yordamni berishga tayyor. Zero, soliq xizmati organlari tadbirkorlarning yaqin maslahatchisi va ishonchli hamkoridir!