Anqara va Amsterdam orasi. Turk vazirlari Niderlandiyaga kiritilmagan kun

  • 17:54 / 12.03.2017
  • 6596

Turkiyaning oilaviy masalalar va ijtimoiy siyosat vaziri Fatma Betyul Sayyan Kayya Niderlandiya hukumati uni "nomaqbul xorijlik" deb e'lon qilganidan keyin Yevropaga kirish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Niderlandiya teleradioeshittirish korporatsiyasi bu yorliq ostida aynan nima nazarda tutilgani va uning qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tahlil qildi. 

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, bu ibora muayyan kishilarning mamlakatga kelishi nomaqbul ekani, zero uning jinoyat sodir etgani yoki xavf tug‘dirishini ko‘zda tutadi. "Nomaqbul xorijlik" deb e'lon qilingan inson darhol mamlakatni tark etishi kerak bo‘ladi, aks holda unga olti yilgacha qamoq jazosi yoki deportatsiya xavf soladi. Bu qonun rasman butun Shengen zonasida qo‘llanadi. Bu esa shu insonning boshqa Yevropa mamlakatlarida paydo bo‘lishi nomaqbul ekanini bildiradi. 

Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim Turkiya Niderlandiya hukumatining bunday harakatlariga keskin javob berishini ma'lum qildi. 

Bunday yorliqning muddati shart-sharoitlarga bog‘liq bo‘ladi. Maksimal muddat 10 kundan iborat ekani qayd etilgan, biroq agar davlat bu inson milliy xavfsizlikka muntazam ravishda xavf soladi deb topsa, muddat  yanada uzaytirilishi mumkin. Yorliqni yozma murojaat orqali bekor qilish imkoni mavjud. Bundan tashqari, Niderlandiya xavfsizlik va adliya vazirligi "nomaqbul xorijlik" deb e'lon qilinishiga doir qarorni bekor qilish huquqiga ega. 

Niderlandiyada bir yilda necha kishi "nomaqbul" deb topilishi noma'lumligicha qolmoqda. 2008 yilda olingan so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Immigratsiya va mahalliylashtirish xizmati 1550 kishini "noqonuniy xorijlik" deb topgan. 

Amsterdam va Anqara o‘rtasidagi diplomatik ziddiyat holland hukumatining mamlakatda Turkiya konstitutsion islohotini qo‘llab-quvvatlovchi chiqishlarni taqiqlash qarori fonida boshlangan. Taqiqlovga qaramay, shanba kuni Fatma Betyul Sayyan Kayya Germaniyadan bu mamlakatga keldi. Biroq politsiya unga turk diasporasiga murojaat qilish imkonini bermadi, shu bilan birga konsullikka kirishni bloklab qo‘ydi. Bir necha soat o‘tgach, vazir "nomaqbul xorijlik" deya e'lon qilindi va Niderlandiya politsiyasi hamrohligida Germaniyaga qaytarildi. 

Teglar