Apple ham irqchilikka qarshi kurashga qo‘shildi

  • 12:38 / 15.06.2020
  • 526

Apple rahbari Tim Kuk o‘zining Twitter’dagi akkauntida irqiy tenglik va adolat g‘oyalarini targ‘ib qiladigan dastur ishga tushirilishi haqida e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi loyihaga 100 million dollar sarflanadi.

“Irqiy adolatni o‘rnatish bo‘yicha hali oxiriga yetmagan ishlar bizni javob qaytarishga undaydi. Hammasi o‘zgaradi, Apple ana shu o‘zgarishlarning harakatlantiruvchu kuchi bo‘lishga intiladi. Bugun men g‘urur bilan irqiy tenglik va adolat bo‘yicha Apple tashabbusi (Racial Equity and Justice Initiative) va unga 100 mln. dollar miqdorida pul ajratilishi haqida e’lon qilaman”, – deb yozgan Kuk. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastur turli rangdagi jamiyatlarda hurmatni saqlash va ularning, ayniqsa, afroamerikaliklarning imkoniyatlarini amalga oshirish, iqtisodiyot, ta’lim va odil sudlov jarayonlarida tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi, tizimidagi adolatsizliklarga qarshi kurashadi. 

Avvalroq kompaniya AQShdagi namoyishlar vaqtida o‘g‘rilangan smartfonlarni bloklashni boshlagandi.

Eslatib o‘tamiz, Minneapolis (AQSh)da qora tanli fuqaro Jorj Floydning politsiyachilar tomonidan o‘ldirilishi ortidan butun mamlakatda, keyinchalik boshqa davlatlarda irqchilikka qarshi namoyishlar avj olib ketgandi.