Apple iPhone'ga barmoq izi skanerini qaytarishga qaror qildi 

  • 11:03 / 06.09.2019
  • 101

Apple iPhone'ni blokdan chiqarish uchun Touch ID barmoq izi skanerini yana tatbiq etadi. Kompaniya 10-sentyabrda chiqadigan yangi iPhone uchun tizimni oʻrnatishga ulgurmaydi. Skaner 2020 yoki 2021-yildagi modellarda paydo boʻlsa kerak, deya xabar bermoqda Bloomberg manbaga tayangan holda.

Skaner displeyga oʻrnatiladi va ekranning istalgan nuqtasiga tegilganida barmoq izini hisobga oladi. Texnologiya Apple'ning oʻzi va iPhone uchun butlov qismlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarda sinovdan oʻtkaziladi. 

Touch ID funksiyasi ilk marta 2013-yilda paydo boʻlgan, u “Uyga” (Home) tugmasiga oʻrnatilgan, biroq 2017-yilda Apple uni Face ID skaneriga almashtirgandi. iPhone va iPad Pro'ning barcha soʻnggi modellari u bilan jihozlangan. Barmoq izi skaneri faqat iPad Air va MacBook Pro'da qoladi.

Bloomberg bergan maʼlumotlarga koʻra, iPhone'ning yangi modellarida har ikki funksiya  – Face ID va Touch ID mavjud boʻladi. 

Nashr manbalari Apple iPhone SE lineykasining davomiga aylanadigan yangi hamyonbop smartfonni ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini tasdiqladi. 

Hamyonbop iPhone 2020-yilda chiqishi kutilmoqda. Hajmiga koʻra u iPhone 8 ga oʻxshash boʻladi. Biroq texnik tasnifi jihatidan flagmandan qolishmaydi. Narxning paysaytirilishi arzon displey hisobiga amalga oshiriladi. 

Teglar