Aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, uni tahqirlagan ikki nafar o‘smir bilan bog‘liq holatga Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili munosabat bildirdi

  • 11:40 / 22.05.2020
  • 77

Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, uni tahqirlagan ikki nafar o‘smirga berilgan jazo bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi:

“Aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, uni tahqirlagan ikki nafar o‘smirga berilgan jazo meni hayron qoldirdi. Bunday holatlarda aslida jazo insonning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaganligi uchun belgilanishi kerak. Mazkur vaziyatda esa qonunbuzarlik qilgan o‘smirlarning asosiy qilmishi bir chetda qolib, ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan jazolangan. Boshqacha aytganda, qo‘pol qilmish karantin bilan xaspo‘shlangan. Vaholanki, bunga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Qilmish uchun yetarli jazo berilmasligi ushbu holatlarning ko‘payishiga olib keladi
To‘g‘ri, biz bolajon xalqmiz. Bola noto‘g‘ri ish qilsa, uni kechirish kerak deb hisoblaymiz ko‘pincha. Ammo tahqirlangan, buning ustiga yordamga muhtoj bola-chi? Aslida, u ko‘proq himoyaga, shafqatga muhtoj emasmi?”, dedi Aliya Yunusova.

Shuningdek, bola huquqlari bo‘yicha vakil mazkur hodisadagi o‘smirlarning katta bo‘lgan muhiti haqida ham to‘xtalib,  mehr ko‘rib o‘sgan, to‘g‘ri tarbiya olgan bola bunday ishlarni qilishga hech qachon botinmasligini ta’kidlab o‘tgan.

“Bir qarashda bizda bola huquqlari himoyasi bilan bog‘liq munosabatlar to‘laqonli tartibga solingandek. Ammo inson huquqlari, ayniqsa, bola huquqlari sohasi shunday tizimki, davr va vaqt o‘tgan sari yangi-yangi o‘zgarishlar, qo‘shimchalar kiritilmasa, huquqni ro‘yobga chiqarishda muammolar yuzaga kelaveradi, dedi Oliy Majlis vakili.

Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunda bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish kabi choralar belgilangan. Shu bilan birga, davlat bolaning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishi shart. Shu nuqtayi nazardan bola huquqlarini ta’minlash choralarini kuchaytirish bilan birga, bu huquqlarni bolalarga, ota-onalarga ham chuqurroq tushuntirish zarurati bor”.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda aqli zaif bolani urib, haqorat qilgan ikki o‘smirga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 1-qismi, 183-moddasi va 34-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida, ya’ni 1 115 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.